NukusDPI tayanch doktoranti Aybolg‘an Borasheva Prezident davlat stipendiyasi g‘olibi bo‘ldi

2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyasiga tayanch doktoranturada tahsil olayotgan doktorantlar o‘rtasida o‘tkazilgan tanlovda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti 13.00.02 – Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (ingliz tili) mutaxassisligining 3-kurs tayanch doktoranti Borasheva Aybolg‘an Tugelbayevna ijtimoiy-gumanitar fanlar yo‘nalishi bo‘yicha g‘olib bo‘ldi.

Jami 5 ta yo‘nalish bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovga 72 nafar nomzod hujjat topshirgan bo‘lsa, maxsus komissiya tomonidan ular orasidan 10 nafar doktorant g‘olib deb topildi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joiz, tayanch doktoranti Aybolg‘an Borasheva ayni paytda «Elevating Willingness to Communicate via Flipped Classroom of ESP learners» («Maxsus maqsadlar uchun ingliz tilini o‘rganuvchi talabalar o‘rtasida Flipped Classroom orqali suhbatga tayyorgarligini oshirish») mavzusida ilmiy-tadqiqot faoliyatini olib borayotgan bo‘lib, ilmiy mavzusi bo‘yicha bugungi kungacha nufuzli xorijiy ilmiy jurnallarda 3 ta maqola, Oliy attestatsiya komissiyasi tarkibidagi ilmiy jurnallarda 8 ta maqola, xalqaro va respublika anjumanlarida 19 ta tezis chop etgan hamda 1 ta darsligi nashr etilgan.

Institut rektorati hamda jamoasi nomidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyasi g‘olibi bo‘lgan tayanch doktorantimiz Aybolg‘an Tugelbayevnani erishgan yutuqlari bilan chin ko‘ngildan tabriklab, kelgusi ilmiy-pedagogik faoliyatida muvaffaqiyatlar tilaymiz.

NukusDPI matbuot xizmati.