Yoshlar o‘rtasida giyohvandlik va psixotrop moddalarning zararli oqibatlari haqida tushuntirish ishlari olib borildi

Xabaringiz bor, yurtimiz bo‘ylab 1-fevraldan boshlab yoshlar o‘rtasida giyohvandlik va psixotrop moddalar tarqalishining oldini olish oyligi keng tarzda o‘tkazilib, joylarda turli targ‘ibot tadbirlari tashkil etilmoqda.

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Giyohvand moddalarni nazorat qilish Milliy markazi bosh ilmiy xodimi Jonibek Yusupov, O‘zbekiston Respublikasi Ruhiy salomatlik markazi bo‘lim boshlig‘i Jo‘ra Toirov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ruhiy salomatlik markazi narkolog shifokori Bo‘riboy Qayipnazarovlar tomonidan yoshlarga giyohvandlik va psixotrop moddalarning zararli oqibatlari haqida keng tushunchalar berildi.

Tadbirda institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Qarjaubay Reymov so‘zga chiqib, giyohvandlik va psixotrop moddalar muammosi bugungi kunning eng global va dolzarb muammolaridan biri ekanligini ta’kidladi.

Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida bu illatlarning tarqalishi jamiyatimiz uchun katta xavf tug‘diradi. Ushbu muammoning oldini olish va yoshlarni bu zararli illatlardan asrab qolish uchun tushuntirish va targ‘ibot ishlarining samaradorligini oshirishning ahamiyati yuqori ekanligi alohida ta’kidlandi.

Giyohvandlik va psixotrop moddalardan foydalanish nafaqat insonning jismoniy salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, balki ruhiy salomatligi va ijtimoiy hayotida ham o‘rni to‘lmas yo‘qotishlarga olib keladi. Giyohvandlikka berilgan yoshlar o‘qish, ish va shaxsiy hayotda yuqori natijalarga erisha olmaydi, oila a’zolari va do‘stlari bilan muloqotda muammolar yuzaga kelib, ijtimoiy izolyatsiyaga tushib qoladi.

Bunday illatlarning oldini olish uchun yoshlar o‘rtasida muntazam ravishda ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarini tashkil etib, yoshlarga sog‘lom turmush tarzi va giyohvandlikdan saqlanish usullari haqida ma’lumotlar berib borish muhim hisoblanadi.

Shu bilan birga, oila va jamiyatning rolini oshirish, qonunchilik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, yoshlar uchun psixologik yordam ko‘rsatish va reabilitatsiya ishlarini yo‘lga qo‘yish giyohvandlik va psixotrop moddalarning yoshlar o‘rtasida tarqalishining oldini olishga xizmat qiladi.

Uchrashuv davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javoblar oldi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar ushbu muammoning oldini olish uchun jamiyatning barcha qatlamlari, jumladan, ota-onalar, pedagog xodimlar, davlat va nodavlat tashkilotlari hamkorlikda ish olib borishi zarurligini, faqatgina birgalikdagi sa’y-harakatlar orqali yoshlarni giyohvandlik va psixotrop moddalardan himoya qilish, shuningdek, sog‘lom va yutuqlarga to‘la hayot yo‘lini ko‘rsatish mumkinligini ta’kidladi.

NDPI matbuot xizmati.