Malayziyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik bo‘yicha memorandumlar imzolandi

 

Avval xabar berganimizdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari Bayrambay Otemuratov rahbarligidagi respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalarining mas’ullaridan iborat delegatsiya a’zolari O‘zbekiston-Malayziya birinchi ta’lim forumi doirasida ushbu mamlakatda bo‘lib turibdi.

Birinchi marta o‘tkazilgan mazkur forumda ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida 50 dan ziyod shartnoma hamda memorandumlar imzolanib, ta’lim va ilm-fan sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Forum doirasida o‘tkazilgan tadbirlarda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Roxat Yeshmuratov hamda xalqaro hamkorlik bo‘limi uslubchisi Alimjan Bimbetovlar ham ishtirok etib, Malayziyaning ilg‘or oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan muloqotlar olib bordi.

Buning natijasida, O‘zbekiston-Malayziya birinchi ta’lim forumi doirasida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti hamda Malayziyaning Sulton Idris ta’lim universiteti (UPSI), shu bilan birga, Osiyo-Tinch okeani texnologiyalar va innovatsiyalar universiteti (APU) o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joiz, xalqaro nufuzli reyting tashkilotlari tomonidan Malayziyaning Sulton Idris ta’lim universiteti (UPSI) dunyoning «TOP-300»lik ro‘yxatiga, Osiyo-Tinch okeani texnologiyalar va innovatsiyalar universiteti (APU) esa «TOP-1000»lik ro‘yxatiga kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Malayziyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan samarali hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, 2022-yildan boshlab institutda Lincoln University College oliy ta’lim tashkiloti bilan bakalavr, 2024-yildan esa magistratura bosqichlarida qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yilgan.

NukusDPI matbuot xizmati.