JISMONAN VA MAʼNAN SOGʻLOM AVLOD – BUYUK MAQSADLARIMIZ ASOSIDIR
“Oʻz oldiga buyuk maqsadlar qoʻygan xalq faqat sogʻlom va baquvvat boʻlgan taqdirdagina koʻzlagan marralariga erisha oladi. El-yurtning sogʻlom boʻlishi, ulkan ishlarga qodir boʻlishida esa, hech shubhasiz, jismoniy tarbiya va sportning ahamiyati beqiyos”, – deb alohida taʼkidlab oʻtgan edi davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev olimpiya va paralimpiya harakatini yanada rivojlantirish, ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida.
Darhaqiqat, bugun biz oʻz oldimizga har tomonlama rivojlangan Yangi Oʻzbekistonni barpo etish, mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratadigan barkamol avlodni tarbiyalashdek buyuk maqsadlarni qoʻygan ekanmiz, bu yoʻlda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirishning ahamiyati katta.
Jismoniy tarbiya va sport sogʻlikni yaxshilash, ruhiy holatni mustahkamlash va shaxsning umumiy rivojlanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Bunday faoliyat insonning qiyin hayotiy vaziyatlarga moslashuvchanligini oshirib, stressni kamaytiradi, immun tizimini kuchaytiradi.
Shuningdek, sport faoliyatni jamiyatda sogʻlom raqobatni yaratadi, aholi oʻrtasida doʻstlik va bir-biriga hurmatni rivojlantiradi. Jismoniy tarbiya va sportning ahamiyati, ayniqsa, yoshlar orasida oʻzini namoyon qiladi. Ularning jismoniy faolligi nafaqat sogʻlik uchun foydali, shu bilan birga, ijtimoiy jihatdan ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Yigʻilishda Prezidentimiz sport – sogʻlom xalq, sogʻlom jamiyatning tayanch ustuni ekanligiga alohida urgʻu berib, sport sohasini shunchaki oʻyin va musobaqalar emas, millat genofondi, mamlakatning qudrati va obroʻ-eʼtiborini butun dunyoga tarannum etadigan eng taʼsirchan vosita, eng ustuvor vazifa deb bilishimiz shart ekanligini taʼkidladi.
Davlatimiz rahbari tomonidan Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik boʻyicha birinchi marta bunday katta yigʻilish oʻtkazilayotgani qayd etildi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar sport sohasini ham chetlab oʻtmadi. Bugungi kunda jismoniy tarbiya va sportning rivojiga davlat siyosati darajasida katta eʼtibor qaratilmoqda.
Prezidentimiz soʻnggi toʻrt yilda byudjetdan sportga ajratilayotgan mablagʻ 1,5 trillion soʻmdan 3 trillion soʻmga oshganligi, murabbiylarning oʻrtacha maoshi 2 barobar koʻpayib, 101 ta yirik sport obyektlari yangidan qurilganligi hamda 67 tasi rekonstruksiya qilinganligini, yurtimiz sportchilarimizning Parij Olimpiya oʻyinlarida erishgan yutuqlari bu islohotlarning yorqin natijalari ekanligini aytib oʻtdi.
Shu bilan birga, Parijda erishilgan natijalar bilan toʻxtab qolmasdan, Los-Anjeles-2028 Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrish, Olimpiya oʻyinlarida kuchli oʻntalikka kirish, mahallalar, umumtaʼlim maktablari hamda oliy taʼlim muassasalarida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Shu maqsadlarga erishish uchun Olimpiya qoʻmitasining hududiy boʻlimlarini tashkil etish, sportchilarga zarur sharoit va infratuzilmaga 300 milliard soʻm ajratilishi belgilandi hamda bu yilning oʻzida kamida 10 nafardan sportchi va murabbiylarni eng nufuzli xorijiy sport akademiyalarida oʻqitish muhimligi taʼkidlandi.
Sport fakulteti boʻlgan oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, ilmiy xodimlari, bitiruvchi kurs va magistratura talabalarini olti oyga sport maktablariga biriktirish amaliyoti yoʻlga qoʻyilishi sohada diplom ishi va dissertatsiyalarni bevosita joylardagi muammolardan kelib chiqib yozish va ularga amaliy yechim berish imkoniyatini taqdim etadi.
Oliy taʼlim muassasalari rektorlariga ham alohida masʼuliyat yuklanib, yangi metodika va yondashuvlarni joriy etish orqali sport maktablarini dual taʼlimning ilmiy-amaliy bazasiga aylantirish muhimligi taʼkidlandi.
Hududlarda yilda ikki marta sport turlari boʻyicha “Yangi Oʻzbekiston Olimpiya choʻqqilari” musobaqalarini oʻtkazish yoʻlga qoʻyilishi, ularda gʻolib boʻlgan sportchilar har yili 10-20-dekabr kunlari Olimpiya shaharchasida oʻtkaziladigan Prezident olimpiadasida ishtirok etishi sohada katta yangilik boʻldi. Musobaqa gʻoliblari uy, avtomobil kabi qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanish hamda birinchi va ikkinchi oʻrinni olgan sportchilar Respublika olimpiya va paralimpiya markaziga qabul qilinishi, bunda 1-2 kurs oʻquvchilariga stipendiya toʻlash yoʻlga qoʻyilishi esa iqtidorli sportchilarni ragʻbatlantirish hamda qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan katta eʼtibor desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi.
Yurtimizning shimoliy darvozasi hisoblangan Qoraqalpogʻiston Respublikasida 90 yildan koʻproq davrdan buyon faoliyat yuritib kelayotgan hamda xalq xoʻjaligi va taʼlim sohasiga malakali pedagog kadrlarni tayyorlab kelayotgan Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida ham yoshlar oʻrtasida sportni ommalashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Hozirgi vaqtda institutda 17 mingga yaqin talaba tahsil olmoqda. Institutning Jismoniy madaniyat fakulteti hamda sport klubi tomonidan har bir fakultet kesimida “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Talabalar ligasi”, “Universiada” hamda “Rektor kubogi” sport musobaqalari muntazam oʻtkaziladi. Jami 9 ta sport turi – voleybol, basketbol, futbol, shaxmat, futzal, gandbol, kurash, yengil atletika hamda stol tennisi boʻyicha sport toʻgaraklarida yoshlar muntazam sport bilan shugʻullanmoqda.
Oʻtkazilgan yigʻilishda Prezidentimiz tomonidan bugungi kunda oliy taʼlim muassasalari soni 203 taga yetganligi taʼkidlanib, ularda kunduzgi taʼlimda oʻqiyotgan talabalar 700 mingdan ortiqni tashkil qilib, talabalarning sport bilan qamrovini kamida 50 foizdan oshirish muhimligi koʻrsatib oʻtildi.
Xorijiy davlatlarda talabalar sporti katta sport uchun zaxira boʻlib xizmat qilishi koʻrsatib oʻtilib, ularning ilgʻor tajribasini amaliyotga tadbiq qilish yuzasidan zarur koʻrsatmalar berdi.
Haqiqatan ham, bugungi kunda institutimizda oʻtkazilayotgan sport musobaqalari gʻolib va sovrindorlari orasidan institut jamoasi uchun sportchilar saralab olinib, “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Talabalar ligasi”, “Universiada” kabi sport musobalarida yuqori natijalarga erishib kelmoqda.
“Universiada” sport musobaqalarida institutimiz sportchi talabalarining qoʻlga kiritgan yutuqlari natijasida 2019 ham 2023-yillarda institutimizga sport inventarlaridan iborat Prezident sovgʻalari topshirilgan boʻlsa, voleybol hamda regbi-7 sport turlari boʻyicha institut talabalari mamlakatimiz terma jamoasi tarkibida Osiyo va boshqa xalqaro sport musobaqalarida ishtirok etib, yuqori natijalarni qoʻlga kiritib kelmoqda.
Institutda talabalarni sport va sogʻlomlashtirish tadbirlariga keng jalb qilish maqsadida moddiy-texnik bazani mustahkamlash, yoshlar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratishga alohida eʼtibor qaratilgan. Birgina 2024-yilda zamonaviy standartlarga javob beradigan futbol va basketbol maydoni, institutning yangi sport majmuasi qurib bitkazildi. Ikki oʻrinda mini futbol maydonchasi, sport saroyi hamda Jismoniy madaniyat fakultetining sport va trenajyor zali talabalar uchun xizmat qilmoqda.
Videoselektor yigʻilishida nogironligi boʻlgan sportchilar uchun qulayliklar yaratish, bundan buyon yoshlarni musobaqa natijasiga qarab emas, balki sport normativlarini bajarishiga qarab ham terma jamoaga jalb qilish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Albatta, Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat boʻlganligi sababli nogironligi boʻlgan sportchilarni qoʻllab-quvvatlash davlatimiz siyosatining asosiy yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.
Institutimizda ayni paytda 177 nafar nogironligi boʻlgan talabalar taʼlim olmoqda. Ularni sport va sogʻlomlashtirish tadbirlariga jalb qilish maqsadida institut sport klubi va malakali trener-oʻqituvchilar bilan hamkorlikda sport toʻgaraklarini tashkil etish boʻyicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, yigʻilishda sport sohasida alohida raqamli platformani ishga tushirish, bu orqali qobiliyatli sportchi yoshlar seleksiyasini yoʻlga qoʻyish, ularni jismoniy va psixologik tayyorlab borish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Xulosa qilib aytganda, davlatimiz rahbari millat genofondini saqlab qolish hamda sogʻlom va barkamol avlodni tarbiyalash har birimizning asosiy vazifamiz boʻlishi kerakligini taʼkidlab, bu borada kelgusida amalga oshiriladigan ishlarni belgilab berdi.
Yurtimizda aholi oʻrtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish – bu sogʻlom va baxtli jamiyatni shakllantirishga qaratilgan uzoq muddatli strategiya. Hukumat va jamoatchilik birgalikda ish olib borib, aholining sogʻligini yaxshilash, yoshlar orasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish va sportni ommalashtirish borasida katta yutuqlarga ershishimiz mumkin.
Albatta, bu borada Prezidentimiz tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar, mutasaddilarga berilgan topshiriqlar har birimiz uchun dasturilamal boʻlib xizmat qiladi.
Quvondiq Qodirov,
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti rektori.