Yoshlarni ma’rifiy g‘oyalar bilan tarbiyalash – davr talabi

Bugun, 9-sentyabr kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida talaba-yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, ularni buzg‘unchi g‘oyalardan himoya qilish hamda huquqiy ongi va ma’naviyatini yuksaltirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi bilan hamkorlikda “Jaholatga qarshi – ma’rifat bilan kurash!” va «Inson qadri va huquqlarining ustuvorligi – taraqqiyot poydevori” mavzularida uchrashuv tashkil etildi.

Tadbirni institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Quvondiq Qodirov olib bordi.

Uchrashuvda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi Nurulla Jamalov, Respublika targ‘ibotchilar guruhi a’zosi, dotsent Qabil Mambetov, institutga joriy o‘quv yilida 1-kursga o‘qishga tavsiya etilgan talabalar, yoshlar tarbiyasiga mas’ul mutaxassislar ishtirok etdi.

Tadbir davomida soha mutaxassislari ayni paytda yoshlar ongiga turli zararli oqimlar va soxta g‘oyalar ta’sir o‘tkazishga urinayotgani, bunday tahdidlarga qarshi faqat ilm-ma’rifat va sog‘lom dunyoqarash bilan kurashish mumkinligini ta’kidladi. Shuningdek, talabalarga inson huquqlari va qadriyatlarining ustuvorligi jamiyatning rivojlanishi va barqarorligi uchun muhim asos ekanligi haqida batafsil tushunchalar berildi.

Uchrashuv yakunida talabalar ta’kidlangan masalalar bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Tadbir yoshlar ongini sog‘lom g‘oyalar bilan boyitish, ularni Vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat va yuksak huquqiy madaniyat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etdi.

NukusDPI matbuot xizmati.