“Talabalar teatr studiyasi festivali” – iqtidorli yoshlar maydoni

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida “Talabalar teatr studiyasi festivali” bo‘lib o‘tdi.

Talaba-yoshlarning teatr san’atiga bo‘lgan qiziqishini va madaniy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish hamda iqtidorli yoshlarga o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun sharoit yaratish, shuningdek, ularni rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan festivalda institutning barcha fakultetlaridan jamoalar ishtirok etdi.

Festivalda talabalar yoshlar hayotida uchraydigan turli voqealar, ota-onani e’zozlash, oilaviy muammolar, yurtimizda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ulardan samarali foydalanish kabi mavzular bilan birgalikda, ota-bobolarimizning bugungidek yorug‘ kunlarni orzu qilgani, bu yo‘lda katta qiyinchiliklarni boshdan kechirgani haqida hikoya qiluvchi sahna ko‘rinishlarini tomoshabinlar e’tiboriga havola etdi.

Talabalarning sahna mahorati hakamlar hay’ati a’zolari tomonidan baholandi.

Shunday qilib, festival yakunida:

1-o‘rin – Filologiya fakulteti;
2-o‘rin – Aniq fanlar fakulteti;
3-o‘rin – Maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim fakulteti jamoasiga nasib etdi.

Shuningdek, Filologiya fakulteti talabasi Dauran Seytmuratov “Eng yaxshi erkak roli”, Aniq fanlar fakulteti talabasi Dilfuza Keulimjayeva “Eng yaxshi ayol roli”, Maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim fakulteti talabasi Asqar Abdullayev “Jamoa ijodkor talabasi”, Aniq fanlar fakulteti dekani o‘rinbosari Xalmurat Yesemuratov “Eng yaxshi talabalar teatr studiyasi rahbari” nominatsiyalari g‘olibi deb topildi.

G‘olib va sovrindorlarga institut rektorati tomonidan diplom hamda kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan sovg‘alar topshirildi.

NukusDPI matbuot xizmati.