Institutni rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari va istiqboldagi vazifalar muhokama qilindi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida tizimli rivojlanish, boshqaruv faoliyatini takomillashtirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etgan holda zamonaviy ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, yuqori malakali professional kadrlar tayyorlashni yangi bosqichga ko‘tarish, shuningdek, sohada ta’lim, ilm-fan va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda institutning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Quanishbay Seytnazarov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Pedagogik ta’lim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda mazkur hujjat asosida amalga oshirilishi belgilangan vazifalarga keng to‘xtalib o‘tdi.
Yig‘ilishda fakultet dekanlari, kafedra mudirlari va tegishli mas’ullar bilan birgalikda 2023-2026-yillar davomida institutni rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari muhokama qilinib, kelgusi vazifalar hamda rejalar belgilab olindi.
