Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasining 33 yilligiga bag‘ishlandi

Bugun, 6-aprel kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisining o‘rinbosari Radjapbay Nurazizov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining raisi Kamal Tarixov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurorining o‘rinbosari To‘lqin Nurmetov, professor-o‘qituvchilar, tyutorlar, talaba-yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tantanali tadbir O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining davlat madhiyalari bilan boshlandi.
Tadbirni institut rektori v.v.b. Quvondiq Qodirov olib bordi.
Ta’kidlanganidek, konstitutsiya – har bir davlatning tarixi, buguni va kelajagi, xalqning xohish-irodasini o‘zida aks ettiruvchi bosh qomusimiz hisoblanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Konstitutsiyasi 1993-yil 9-aprel kuni o‘n ikkinchi chaqiriq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Sovetining o‘n ikkinchi sessiyasida qabul qilingan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Konstitutsiyasi muqaddima, 6 bo‘lim, 26 bob, 121 moddadan iborat.
Konstitutsiya amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar va ularning qonunchilik asoslarini yaratishning bosh huquqiy asosi, inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasi kafolatidir.
Bosh Qomusimizda barcha normalar eng avvalo inson huquq va manfaatlarini kafolatlagan holda, inson – jamiyat – davlat tamoyili asosida ishlab chiqilgan.
Konferensiyada so‘zga chiqqanlar Bosh Qomusimizda belgilangan normalarning hayotimizda tutgan o‘rni, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ta’lim sohasi, jumladan, yoshlarning oliy ma’lumotli bo‘lishi uchun yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinishi tarixi, unga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, mamlakatimizda Konstitutsiyamiz asosida qonun ustuvorligini ta’minlash, bunda “Inson qadri hamma narsadan ustun” tamoyiliga amal qilish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi ishlarning ahamiyatiga to‘xtaldi.
Tadbirda institutning milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi kafedrasi mudiri Yerkin Tileuov Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklarining kafolatlari, ular asosida ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar, yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari Bosh qomusimizda mustahkamlab qo‘yilganligi haqida ma’ruza qildi.
Tantanali tadbir “To‘maris” xalq ansambli va iste’dodli yoshlar ijrosidagi konsert dasturi bilan davom etdi.
NukusDPI matbuot xizmati.

