Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining hayoti va ijodiga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda qoraqalpoq adabiyotining mumtoz shoiri, buyuk so‘z zargari Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 202 yilligiga bag‘ishlangan “Bu dunyoning ko‘rki odam bolasi” mavzusidagi respublika ilmiy-nazariy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlaridan olimlar, taniqli yozuvchi va shoirlar, institut professor-o‘qituvchilari, talabalar ishtirok etdi.
Tadbirni institutning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori v.b. Gulbahar Begmuratova olib bordi.
Konferensiyada Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining hayoti va ijodi, shoir asarlarining nafaqat qoraqalpoq adabiyoti, balki o‘zbek, qozoq, turkman va boshqa turkiy xalqlar adabiyotida tutgan o‘rni, XIX asrdagi qoraqalpoq adabiyotining rivojlanishida Ajiniyoz ijodining ahamiyati, bugungi kunda uning asarlarining o‘rganilishi va kelajak avlodlarga yetkazilishi kabi masalalar bo‘yicha ma’ruzalar qilindi.
Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li dunyoni chuqur va o‘tkir tanigan, qoraqalpoq xalqining ma’naviy dunyosini boyitishga katta hissa qo‘shgan, adabiyotimizni nafaqat rivojlantirib, qo‘shni xalqlarga tanitgan ulug‘ zotdir.
O‘zi yashagan davrda feodal munosabatlari hukm surib turgan bo‘lsa-da, uning aql-idroki bir necha asr oldinga rivojlanib, “bu dunyoning ko‘rki ‒ odam bolasi” ekanligi haqida gumanistik xulosaga kelganligi ham uning insoniy fazilatlarini ko‘rsatib beradi.
Konferensiyada ma’ruzachilar va so‘zga chiqqanlar tomonidan shoir ijodini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, asarlarini xorijiy tillarga tarjima qilish, shu bilan birga, ijodining yangi qirralarini kashf etish maqsadida amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarining ahamiyati bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.
NukusDPI matbuot xizmati.
