NukusDPIda rus tili bo‘yicha II Gubkin fan olimpiadasi boshlandi

Bugun, 11-aprel kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida umumta’lim maktablarining 10-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida rus tili bo‘yicha II Gubkin fan olimpiadasi boshlandi.

Olimpiada I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filiali tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, respublika bo‘ylab iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularning intellektual salohiyatini rivojlantirish, maktab va oliy ta’lim tizimi o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Fan olimpiadasi bir vaqtning o‘zida ikki hududda – Nukus hamda Toshkent shaharlarida o‘tkazilmoqda. Mazkur format ishtirok geografiyasini kengaytirish va respublikaning turli hududlaridan o‘quvchilar ishtirokini ta’minlash imkonini berdi.

Bu yil fan olimpiadasida O‘zbekistonning 11 hududidan 1300 dan ortiq, jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 446 nafar o‘quvchi ishtirok etmoqda. Ular orasida maktablar, akademik litsey va texnikumlar bitiruvchilari bor.

Tantanali ochilish marosimi ikki shahar o‘rtasidagi onlayn videokonferensaloqa orqali o‘tkazildi. Unda universitetning Toshkent shahridagi filiali ijrochi direktori Abdulla Magrupov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Aybek Dauletbayev, institutning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Muxtar Ibragimov so‘zga chiqib, barcha ishtirokchilarga omad tiladi.

Ochilish marosimidan so‘ng ishtirokchilar rus tili fanidan olimpiada topshiriqlarini bajarishga kirishdi.

Ta’kidlash joiz, Gubkin fan olimpiadasi 2025-yildan buyon o‘tkazilishi an’anaga aylangan bo‘lib, o‘tgan yili unda 840 nafar o‘quvchi, shundan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha 71 nafar o‘quvchi ishtirok etgan edi. Fan olimpiadasi g‘olib va sovrindorlari universitetga imtihonsiz davlat granti asosida qabul qilindi.

Bu yilgi olimpiada shartlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindorlar universitet sertifikatlari bilan taqdirlanadi hamda ularga imtihonlarsiz o‘qish imkoniyati beriladi.

Shuningdek, yuqori natija ko‘rsatgan ishtirokchilar to‘plagan ballarini kirish imtihonlari natijasi sifatida hisoblash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

NukusDPI matbuot xizmati.