Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi mutasaddilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida “Payshanba – yoshlar kuni” munosabati bilan talaba-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning muammolari va takliflarini o‘rganish, shuningdek, qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari U.Abdullayeva, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi M.Axmedova, Nukus shahri hokimining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Z.Dauletnazarova, Nukus shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori A.Namenova, institut rektorining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi S.Bekchanova, fakultet dekanlarining maslahatchilari va talaba-qizlar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida talaba-qizlarning ta’lim jarayonidagi faolligi, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, kasbiy rivojlanishiga ko‘maklashish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar tomonidan mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Uchrashuv davomida talaba-qizlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi, muammolari va takliflarini bevosita rahbariyatga yetkazish imkoniga ega bo‘ldi.
NukusDPI matbuot xizmati.
