NukusDPIda “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari kunlari tashkil etildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining rasmiy organi “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari kunlari, shuningdek, so‘nggi o‘n yil ichida mamlakatimizdagi keng ko‘lamli islohotlarning natijalari haqida so‘z yurituvchi “Yangi O‘zbekiston orzusi” kitobining taqdimot kechasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati bosh muharriri Salim Doniyorov, bosh muharrir o‘rinbosari Abu Bakir O‘rozov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi boshlig‘i Tatlimurat Atamuratov, Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi Kenesbay Karimov, yurtimizga taniqli ziyolilar, ijodkorlar, institut professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirning asosiy maqsadi yoshlarni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmuni bilan yaqindan tanishtirish, ularning ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi ishtirokini oshirish hamda ommaviy axborot vositalariga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirishdan iborat bo‘ldi.
Kechada so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda so‘nggi o‘n yil davomida amalga oshirilgan tub islohotlar, ularning bosqichlari va erishilgan natijalar haqida batafsil so‘z yuritdi. Jumladan, iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish, investitsiya muhitini yaxshilash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, aholi turmush darajasini oshirish borasidagi bajarilgan keng ko‘lamli ishlar misollar orqali ko‘rsatib berildi.
Alohida ta’kidlanganidek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash, hudud infratuzilmasini yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha muhim loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport sohalarida ro‘y berayotgan yangilanishlar hudud aholisi farovonligini oshirishga xizmat qilayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, tadbir doirasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Salim Doniyorovning “Yangi O‘zbekiston orzusi” kitobi keng jamoatchilikka taqdim etilib, ijodkorlar, pedagoglar va yoshlar tomonidan kitobning mazmuni haqida ma’ruzalar qilindi.
Kecha davomida gazetalarda chop etilayotgan tahliliy maqolalar, intervyular va dolzarb mavzulardagi materiallar misolida jurnalistikaning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni keng muhokama qilindi. Ishtirokchilarga mazkur nashrlarning faoliyati, ularning jamiyatda ochiqlik va oshkoralikni ta’minlashdagi roli haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Yoshlar ishtirokida gazetalar hayoti va mamlakatimizdagi islohotlarga oid savol-javoblar o‘tkazilib, faol ishtirok etganlarga sovg‘alar topshirildi.
Tadbirda talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi, islohotlarning samaradorligi bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
NukusDPI matbuot xizmati.
