Ta’limda masofaviy ta’lim integratsiyasi masalasiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti umumta’lim fanlari va masofaviy o‘qitish kafedrasi tomonidan “Uzluksiz ta’lim tizimida masofaviy ta’lim integratsiyasi” mavzusidagi VI xalqaro ilmiy-nazariy konferensiya tashkil etildi.

Konferensiya zamonaviy ta’lim tizimiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, masofaviy o‘qitishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish, shuningdek, uzluksiz ta’lim jarayonida innovatsion yondashuvlarni takomillashtirishga bag‘ishlandi.

Tadbirda Rossiya, Qozog‘iston va boshqa davlatlardan, shuningdek, respublikamizning nufuzli oliy ta’lim muassasalari, ilmiy markazlaridan professor-o‘qituvchilar, olimlar va tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Konferensiyaning ochilish plenar majlisida Qozoq milliy pedagogika universiteti, Qozoq milliy texnika tadqiqot universiteti, Kaspiy texnologiyalar va injiniring universiteti, Qozon federal universiteti, Davlat ijtimoiy-gumanitar universiteti, shuningdek, institut professor-o‘qituvchilari o‘z ma’ruzalarini o‘qidi.

Konferensiya davomida masofaviy ta’lim platformalarining imkoniyatlari, raqamli pedagogika asoslari, o‘quv jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini integratsiya qilish masalalari muhokama qilindi.

Tadbir yakunida ta’lim sifatini oshirish, masofaviy ta’limni yanada rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muhim xulosalar ishlab chiqildi.

NukusDPI matbuot xizmati.