Maktabgacha ta’limda innovatsion tadqiqotlarga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim fakulteti maktabgacha ta’lim kafedrasi tomonidan “Maktabgacha ta’limda innovatsion tadqiqotlar: muammo va yechimlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.

Konferensiyani fakultet dekani Muhabbat Allambergenova olib bordi.

Tadbirda institut professor-o‘qituvchilari, shuningdek, Qozog‘iston, Polsha davlatlaridan olimlar va talaba-yoshlar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

Konferensiya maktabgacha ta’limni rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalari, sohada sun’iy intellekt asosida bolalarda kreativlikni rivojlantirish, Singapur tajribasi asosida maktabgacha yoshdagi bolalarda tushunchalarni shakllantirish, shuningdek, bolalarni kundalik tahdidlardan himoya qilish kabi vazifalarga bag‘ishlandi.

Konferensiya davomida maktabgacha ta’lim tashkilotlarida xorijiy tajribadan foydalangan holda “O‘yinga yo‘naltirilgan ta’lim va tarbiya” jarayonini olib borish, maktabgacha yoshdagi bolalarda paremik janrlar orqali ekologik madaniyatni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, maktabgacha ta’limda innovatsion tadqiqotlarni takomillashtirish, yuzaga kelayotgan har qanday muammolarga ilmiy yechimlar topish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni takomillashtirishga yo‘naltirilgan takliflar ishlab chiqildi.

Tadbir yakunida institutning maktabgacha ta’lim yo‘nalishi 3-kurs amaliyotchi talabalarining poytaxtimizdagi 48-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari bilan hamkorlikda tashkil etgan konsert dasturi konferensiya ishtirokchilari e’tiboriga havola etildi.

NukusDPI matbuot xizmati.