Ichki ishlar organlari vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida “Payshanba – yoshlar kuni” munosabati bilan ichki ishlar organlari xodimlari va talaba-yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Nukus shahar Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Muhammedali Xojamuratov, uning o‘rinbosari, podpolkovnik Arislan Babajanov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi mutaxassisi, katta leytenant Atabek Xojayev, Nukus shahar Ichki ishlar boshqarmasi terrorizmga qarshi kurashish bo‘limi mutaxassisi Azamat Temirxanov, institutning yoshlar ta’lim-tarbiyasiga mas’ul xodimlari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Uchrashuvni tashkil etishdan maqsad – yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish, qonunlarga hurmat ruhini shakllantirish va ularni turli salbiy illatlardan himoya qilishdir.

Tadbir davomida soha mutaxassislari tomonidan mamlakatimizda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish, kiberxavfsizlik va huquqbuzarliklarning oqibatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, mutaxassislardan aniq va to‘liq javoblar oldi.

NukusDPI matbuot xizmati.