Kimyo, biologiya va fizika bo‘yicha fan olimpiadasining institut bosqichi bo‘lib o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan qo‘shma qaror asosida umumta’lim maktablarining bitiruvchi sinf o‘quvchilari o‘rtasida kimyo, biologiya va fizika bo‘yicha ko‘p bosqichli fan olimpiadasining institut bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Olimpiadada dastlab tuman, so‘ngra Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida yuqori natijalarga erishgan o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.

Fan olimpiadasining institut bosqichida belgilangan reja talablaridan kelib chiqib umumiy 100 ball to‘plash imkonini beradigan beshta yozma imtihon savollari va bitta laboratoriya ishi berildi.

O‘quvchilarning natijalari institutning tajribali professor-o‘qituvchilari tomonidan baholandi.

Shu tariqa, kimyo, biologiya va fizika fanlari olimpiadasining institut bosqichida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi hamda maxsus sertifikatlar bilan taqdirlandi.

G‘olib o‘quvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ularni institutga imtiyozli ravishda qabul qilish uchun Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari va ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish markaziga yuboriladi.

NukusDPI matbuot xizmati.