Keng dunyoga quchoq ochgan yozuvchi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi To‘lepbergen Qayipbergenov tavalludining 97 yilligiga bag‘ishlangan “Keng dunyoga quchoq ochgan yozuvchi” mavzusida adabiy kecha bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda respublikamizning taniqli yozuvchi va shoirlari, olimlar, institut professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilar, magistrantlar, shuningdek, talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Kechada institutning qoraqalpoq adabiyoti kafedrasi professor-o‘qituvchilari, doktorantlar, talaba-yoshlar To‘lepbergen Qayipbergenovning hayoti, ijodi, asarlarining o‘ziga xos xususiyatlari va qoraqalpoq, o‘zbek va dunyo xalqlari adabiyotidagi o‘rni haqidagi ma’ruzalarini o‘qib berdi.

Adib asarlarining o‘rganilishi, uning janriy-tematik xususiyatlari, jahon xalqlari tillariga tarjima qilinishi kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Adabiy kecha qoraqalpoq tili va adabiyoti ta’lim yo‘nalishi talabalari ijrosidagi badiiy-adabiy bo‘lim, shuningdek, professor Mariya Bekbergenovaning “To‘lepbergen Qayipbergenov ijodi” mavzusidagi mahorat darsi bilan davom etdi.

NukusDPI matbuot xizmati.