Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati Olga Niyazova, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi o‘rinbosari Zuxra Tajixo‘jayeva, institutning Nuroniylar kengashi raisi Baxtibay Atashov, Afg‘onistondagi jangovar-internatsional harakatlar ishtirokchisi Moyatdin Jalelov, shuningdek, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida yurtimiz tinchligi va xalqimiz farovonligi yo‘lida fidokorona xizmat qilgan ajdodlarimiz, urush va mehnat faxriylariga hurmat ko‘rsatish xalqimizning yuksak qadriyatlaridan biri ekani ta’kidlandi. So‘zga chiqqanlar Ikkinchi jahon urushi yillarida xalqimiz ko‘rsatgan mardlik, matonat haqida so‘z yuritib, bugungi tinch va osoyishta hayotning qadriga yetish har bir yoshning muhim burchi ekanini ta’kidladi.
Uchrashuv mehmonlar bilan ochiq muloqot tarzida davom etib, ularning hayotiy tajribalari va maslahatlari yoshlarda katta taassurot qoldirdi.
Ushbu uchrashuv yoshlar qalbida vatanga muhabbat tuyg‘ularini mustahkamlash, milliy qadriyatlarimiz va tarixiy xotiraga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qildi.
NukusDPI matbuot xizmati.
