“Do‘stlik festivali” doirasida bir kunlik talabalar almashinuvi loyihasi tashkil etildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Toshkent shahri va viloyatlardagi oliy ta’lim muassasalari talaba-yoshlari ishtirokida o‘tkazilayotgan “Do‘stlik festivali” doirasida bir kunlik talabalar almashinuvi loyihasi tashkil etildi.

Talaba-yoshlar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, ta’lim muhiti bilan yaqindan tanishish va do‘stona munosabatlarni mustahkamlash maqsadida o‘tkazilgan loyihada Jizzax davlat pedagogika universiteti talabalari musiqa ta’limi yo‘nalishi bo‘yicha darsda qatnashib, o‘z bilimlarini oshirdi.

Dars davomida mehmon yoshlarga qoraqalpoq milliy cholg‘u asbobi bo‘lgan alamo‘ynoq dutori haqida ma’lumotlar berildi. Shuningdek, ular bilan birgalikda qoraqalpoq va o‘zbek xalq qo‘shiqlari ijro etilib, tajriba almashildi.

Tadbir doirasida yoshlar do‘stlik rishtalarini mustahkamladi va institut bog‘ida qo‘shiqlar ijro etib, raqslarga tushdi.

NukusDPI matbuot xizmati.