Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan o‘quv-seminari tashkil etildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Prezident qarorida belgilangan vazifalar doirasida “Mustaqillik soati” o‘quv-seminari tashkil etildi.
Yosh avlodni Vatanga sadoqat va milliy g‘urur ruhida tarbiyalash maqsadida o‘tkazilgan tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi boshlig‘i T.Atamuratov, Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi K.Karimov, Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy nomidagi o‘rta maxsus islom bilim yurti direktori o‘rinbosari Q.Mambetov, institut professor-o‘qituvchilari, tyutorlar, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirni institut rektori v.b. Q.Qodirov boshqarib bordi.
O‘quv-seminari davomida mustaqillik yillarida mamlakatimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, ta’lim tizimida erishilgan yutuqlar, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va davlat taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari haqida ma’lumotlar berildi.
So‘zga chiqqanlar tomonidan mustaqillik xalqimiz uchun eng ulug‘ ne’mat ekani, uning zamirida tinchlik, osoyishtalik, milliy qadriyatlar va farovon hayot mujassam ekani alohida ta’kidlandi.
Tadbirda mustaqillikning tarixiy ahamiyati, milliy davlatchilikni rivojlantirishdagi o‘rni, shuningdek, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari ko‘rsatib o‘tilib, ishtirokchilar o‘zaro fikr almashdi.
Xalqimiz ardog‘idagi san’atkorlar ijrosidagi ona Vatan haqidagi qo‘shiqlar ishtirokchilarga milliy g‘urur va iftixor bag‘ishladi.
“Mustaqillik soati” o‘quv-seminari yoshlar o‘rtasida mustaqillikni asrash, uning qadriga yetish va Vatan taraqqiyoti yo‘lida sidqidildan xizmat qilish muqaddas burch ekanini chuqur anglash, shuningdek, ularni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashda muhim tashabbuslardan biri bo‘ldi.
NukusDPI matbuot xizmati.
