“Kerder-2026” III xalqaro arxeologik ekspeditsiyasi samarali davom etmoqda

Avval xabar berganimizdek, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti tomonidan shu yilning 3-30-may kunlari oralig‘ida Nukus tumani “Kerder” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi “Hayvonqal’a” tarixiy yodgorligida “Kerder-2026” III xalqaro arxeologik ekspeditsiyasi tashkil etilib, hozirgi vaqtda qazish va o‘rganish ishlari samarali davom etmoqda.

Xalqaro arxeologik ekspeditsiyada Rossiya Federatsiyasi Tatariston Respublikasi Fanlar akademiyasi A.X.Xalikov nomidagi Arxeologiya instituti, Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, Qozon federal universiteti olimlari, shuningdek, institutning Tarix fakulteti professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlari ishtirok etmoqda.

Institut rektoratining bevosita qo‘llab-quvvatlashi bilan bu yilgi ekspeditsiya yuqori tashkilotchilik bilan o‘tkazilmoqda. Bu yerda ekspeditsiya ishtirokchilari uchun barcha qulayliklar yaratilgan.

Talaba-yoshlar arxeologik qazishma jarayonida bevosita ishtirok etib, nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlab, zamonaviy arxeologik usullarni o‘zlashtirmoqda. Ular taxometr, teodolit, nivelir kabi zarur asboblar bilan ishlash, qazishma joylarini o‘lchash va xaritaga tushirish, arxeologik topilmalarni tozalash, ro‘yxatga olish, konservatsiya qilish hamda saqlash usullari bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqda.

Talabalarga qazish ishlaridan tashqari xorijiy olimlar va amaliyot rahbarlari tomonidan amaliy ko‘rgazmali darslar o‘tilib, unda arxeologik qazish ishlarini olib borish tartib-qoidalari, qazish ishlari vaqtida foydalaniladigan asbob-uskunalar hamda qazish paytida topilgan topilmalar bo‘yicha ma’lumotlar berib borilmoqda.

Shu bilan birga, talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida turli ko‘ngilochar tadbirlar ham tashkil etilmoqda.

Arxeologik qazish ishlari natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar e’lon qilinadi.

NukusDPI matbuot xizmati.