NukusDPIning 4 nafar talabasi “Mirzo Ulug‘bek vorislari” tanlovining respublika bosqichida g‘olib bo‘ldi

Joriy yilning 18-22-may kunlari Toshkent shahrida “Mirzo Ulug‘bek vorislari” respublika tanlovining yakuniy final bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizda iqtidorli yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yanada jadallashtirish, ularni ilmiy-texnik ishlarga keng jalb etish, iqtidorli yoshlarning, jumladan, olis hududlarda yashovchi yigit-qizlarning bilim, ko‘nikma va tajribasini oshirish maqsadida o‘tkazib kelinayotgan mazkur tanlovning respublika bosqichida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutidan 8 nafar yosh ishtirok etdi.

Quvonarlisi, ular orasidan 4 talaba respublika tanlovining g‘olibi deb topildi:

Zilola Allakova – Aniq fanlar fakultetining 4-kurs talabasi;

Kumisay Qizilbayeva – Tabiiy fanlar fakultetining 3-kurs talabasi;

Gulay Qudaybergenova – Aniq fanlar fakultetining 3-kurs talabasi;

Azada Uzaqbergenova – Filologiya fakultetining 3-kurs talabasi.

Shuningdek, Tabiiy fanlar fakultetining 4-kurs talabasi Elenura Joldasbayeva “Eng yaxshi innovator ayol” nominatsiyasi g‘olibi deb topildi.

G‘oliblar sertifikat, maxsus statuetka va bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Tanlovning respublika bosqichida yuqori natijalarga erishgan yoshlarimizni institut rektorati va jamoasi nomidan tabriklaymiz!

NukusDPI matbuot xizmati.