Qurbon hayiti bayrami tabrigi

Hurmatli professor-o‘qituvchilar, aziz talaba-yoshlar, institutimizning fidoyi xodimlari!

Sizlarni, sizlar orqali yurtimizdagi barcha musulmonlarni, jonajon xalqimizni shukronalik, xayr-saxovat va mehr-oqibat ayyomi bo‘lgan muborak Qurbon hayiti bilan chin yurakdan tabriklaymiz.

Qurbon hayitining ma’naviy hayotimizda insoniy fazilatlar, bag‘rikenglik, mehr-oqibat, do‘stlik va hamjihatlik kabi qadriyatlarni mustahkamlashdagi o‘rni va ahamiyati yuksak hisoblanadi. Bugungidek qutlug‘ ayyomda barchamiz shunday fayzli va barakotli kunlarga yetkazgani, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffoligi uchun Alloh taologa cheksiz shukronalar aytamiz.

Bizning institutimiz respublikamizdagi to‘ng‘ich ta’lim dargohi sifatida o‘zining 90 yildan ortiq tarixi davomida mamlakatimiz ta’limi va xalq xo‘jaligining turli sohalariga yuqori malakali kadrlar tayyorlab kelmoqda. Bugungidek muborak kunda ushbu dargohda kelajak avlodlarga ta’lim-tarbiya berib kelayotgan ustozlar, professor-o‘qituvchilar, fidokorona mehnat qilayotgan barcha xodimlar, oldlariga yuksak maqsadlarni belgilab olib, yorqin kelajak uchun o‘qib bilim olayotgan talabalarimizga omonlik, mustahkam sog‘lik oilalariga qut-baraka, o‘qish va ishlarida katta muvaffaqiyatlar tilaymiz!

Barchangizni muqaddas Qurbon hayiti bayrami bilan yana bir bor tabriklaymiz!

Alloh taolo muqaddas Vatanimizni, olijanob va bag‘rikeng xalqimizni hamisha o‘z panohida asrasin!