Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan sayohat tashkil etildi

1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan institut xodimlari hamda ularning farzandlari uchun mazmunli va unutilmas sayohat tashkil etildi.
Sayohat dasturi doirasida ishtirokchilar qadimiy va betakror tarixiy-madaniy merosga ega bo‘lgan Urganch hamda Xiva shaharlarida bo‘lib, yurtimizning boy tarixi, milliy qadriyatlari va me’moriy obidalari bilan yaqindan tanishdilar.
Ayniqsa, bolajonlar uchun tashkil etilgan ushbu sayohat ularda tarixiy maskanlarga bo‘lgan qiziqishni oshirish, Vatanga muhabbat va milliy g‘urur tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi. Ishtirokchilar sayohat davomida qadimiy obidalarni tomosha qilib, ko‘plab qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar hamda maroqli hordiq chiqardilar.
Mazkur tashabbus institut jamoasi va ularning farzandlariga bayramona kayfiyat ulashish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash hamda bolalarning mazmunli dam olishini ta’minlash maqsadida tashkil etildi. Sayohat qatnashchilarida yorqin taassurotlar qoldirib, bayram kunining unutilmas voqealaridan biriga aylandi.
NukusDPI matbuot xizmati.
