Qo‘shma ta’lim dasturi bitiruvchilari magistrlik diplomlariga ega bo‘ldi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti va Qozog‘iston Respublikasi Ostona shahridagi L.N.Gumilyov nomidagi Yevrosiyo milliy universiteti o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan qo‘shma ta’lim dasturi o‘zining ilk samaralarini bermoqda.

Mazkur hamkorlik doirasida magistraturaning kimyo va biologiya mutaxassisliklari bo‘yicha tahsil olgan bitiruvchilarga magistrlik diplomlari tantanali ravishda topshirildi. Ushbu diplomlar yosh mutaxassislarning xalqaro standartlar asosida bilim olganini, ilmiy salohiyatini yanada yuksaltirish va kasbiy faoliyatda yangi marralarni zabt etishiga xizmat qiladi.

Diplom topshirish marosimi bitiruvchilar uchun unutilmas va quvonchli lahzalarga boy bo‘ldi.

– Qo‘shma ta’lim dasturi bizga nafaqat chuqur bilim olish, balki qo‘shni mamlakatning ta’lim tizimi va ilmiy muhitini yaqindan o‘rganish imkonini berdi. Bugun qo‘limizga olayotgan magistrlik diplomi bizning mehnatlarimizning yuksak e’tirofi bo‘lib, kelgusidagi ilmiy va kasbiy faoliyatimiz uchun mustahkam poydevor yaratdi. Bunday imkoniyatni yaratib bergan ustozlarimiz va ikki oliy ta’lim muassasasi rahbariyatiga samimiy minnatdorlik bildiraman, – deydi kimyo mutaxassisligi bitiruvchilaridan biri Gulzar Qaypnazarova.

Shubhasiz, ushbu qo‘shma ta’lim dasturi xalqaro hamkorlikning amaliy natijasi bo‘lib, yoshlarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashi, ilm-fan rivojiga munosib hissa qo‘shadigan malakali mutaxassislar bo‘lib yetishishida muhim ahamiyat kasb etadi.

NukusDPI matbuot xizmati.