MUSTAQILLIK – YANGI IMKONIYATLAR, YUKSALISH VA BUYUK MAQSADLAR POYDEVORI

O‘ttiz besh yil… Inson hayoti nuqtayi nazaridan qaraganda, bu bir avlodning umriga teng davr. Davlat va millat taqdiri nuqtayi nazaridan esa bu – o‘zlikni anglash, milliy taraqqiyot yo‘lini belgilash, ulkan maqsadlar sari dadil qadam tashlash davridir.
Bugun O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini katta iftixor va shukronalik bilan nishonlar ekanmiz, eng avvalo, istiqlol yillarida bosib o‘tgan yo‘limiz, erishgan natijalarimiz va oldimizda turgan yuksak maqsadlar haqida mushohada yuritamiz.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida ta’kidlanganidek, “Mustaqillik, eng avvalo, bizga shonu sharafimizni, muqaddas dinimizni, ona tilimizni, unutilayotgan milliy qadriyatlarimizni qaytarib berdi”. Bu fikr istiqlolning xalqimiz hayotidagi tarixiy ahamiyatini yana bir bor yorqin ifoda etadi.
Zero, mustaqillik bizga nafaqat siyosiy va huquqiy erkinlik, balki o‘z taraqqiyot yo‘limizni mustaqil belgilash, inson qadrini ulug‘lash, xalqning orzu-intilishlarini davlat siyosati darajasiga ko‘tarish imkonini berdi.
Inson qadri – islohotlarning bosh mezoni
So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning markazida inson va uning manfaatlari turgani alohida ahamiyatga ega.
Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “Inson qadri uchun! degan g‘oyani davlat siyosatining markaziga olib chiqdik”. Bu g‘oya bugun hayotimizning turli jabhalarida — ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, iqtisodiyot, tadbirkorlik, yoshlar siyosati va boshqa sohalarda amaliy ifodasini topmoqda.
Islohotlarning samarasini raqamlar ham tasdiqlaydi. Mamlakatimizda kambag‘allik darajasi 2017-yildagi 35 foizdan 4 foizga tushirilgani, 650 mingdan ziyod oila zamonaviy uy-joylarga ega bo‘lgani, aholi jon boshiga daromad va hayot sifati izchil oshib borayotgani yurtimizdagi yangilanishlarning inson hayotidagi amaliy natijalaridir.
Eng muhimi, bu o‘zgarishlar xalqimiz ongi va dunyoqarashida ham aks etmoqda. Bugun yurtdoshlarimiz ertangi kunga ishonch bilan qarab, farzandlarining ta’limi va kasbiy kelajagiga katta e’tibor qaratmoqda.
Ta’lim – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining asosiy kapitali
Har qanday davlatning kelajagi, avvalo, uning ta’lim tizimi va inson kapitaliga bog‘liq. Shu ma’noda, keyingi yillarda mamlakatimizda ta’lim sohasiga qaratilayotgan e’tiborni mustaqillik yillaridagi eng muhim strategik yo‘nalishlardan biri, deb baholash mumkin.
Prezidentimiz o‘z nutqida bu haqda: “Dunyo hamjamiyatida munosib o‘rin egallashimiz uchun bizga bilimli, kelajak kasblarini puxta egallagan, mustaqil fikriga ega bo‘lgan yangi avlod mutaxassislari kerak”, deya ta’kidladi.
Darhaqiqat, so‘nggi yillarda maktabgacha ta’limdan tortib oliy ta’lim va ilm-fangacha bo‘lgan tizimda katta o‘zgarishlar amalga oshirildi. Oliy ta’limda tahsil olayotgan talabalar soni 1 million 600 ming nafarga yetgani, xotin-qizlarning talabalar orasidagi ulushi yarmidan oshgani ta’lim olish imkoniyatlari sezilarli darajada kengayganini ko‘rsatadi.
Bu raqamlarning har biri ortida minglab yoshlarning taqdiri, orzusi va kelajagi mujassam.
Ayniqsa, hududlarda oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yangi o‘quv binolari, talabalar turar joylari, laboratoriyalar va zamonaviy ta’lim infratuzilmasini barpo etishga qaratilayotgan e’tibor yoshlar uchun sifatli ta’lim olish imkoniyatlarini yanada kengaytirmoqda.
Nukus davlat pedagogika instituti – islohotlarning Qoraqalpog‘istondagi amaliy natijasi
Buni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.
Qoraqalpog‘istonda pedagog kadrlar tayyorlashning tayanch maskanlaridan biri bo‘lgan institutimiz bugun o‘zining yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘ymoqda.
Institutda 2 ming o‘ringa mo‘ljallangan yangi o‘quv binosining foydalanishga topshirilishi buning yorqin misolidir. Mazkur loyiha uchun davlat byudjeti hisobidan 76 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Yangi binoda zamonaviy o‘quv va ma’ruza auditoriyalari, zamonaviy laboratoriyalar, IT-inkubatsiya markazi, axborot-resurs markazi, registrator ofisi va boshqa zarur infratuzilmalar tashkil etildi.
Bu – shunchaki yangi bino emas. Bu – Qoraqalpog‘iston yoshlarining bilim olishi, zamonaviy kasblarni egallashi, ilmiy-tadqiqot bilan shug‘ullanishi va o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun yaratilgan yangi imkoniyatlar makonidir.
Bugun institutimizda 15 mingga yaqin talaba tahsil olayotgani ham oliy ta’limga bo‘lgan talab va imkoniyatlar qanchalik kengayganini ko‘rsatadi.
Bir vaqtlar oliy ma’lumot olishni istagan yoshlar uchun imkoniyatlar cheklangan bo‘lgan bo‘lsa, bugun Qoraqalpog‘istonning eng chekka hududlaridagi iqtidorli yoshlar ham o‘z viloyatida zamonaviy oliy ta’lim olish, tanlagan kasbi bo‘yicha mutaxassis bo‘lish imkoniyatiga ega.
Bu o‘zgarishning ijtimoiy ahamiyati nihoyatda katta. Chunki oliy ta’lim muassasasi – faqat diplom beradigan dargoh emas. U insonning dunyoqarashini shakllantiradi, uning intellektual salohiyatini yuksaltiradi, yangi g‘oyalar va tashabbuslarga yo‘l ochadi. Ayniqsa, pedagogika instituti uchun bu mas’uliyat yanada yuksak. Zero, bugun institut auditoriyalarida ta’lim olayotgan yoshlar ertaga maktablarda minglab bolalarga saboq beradigan, ularning qalbiga bilim va ma’rifat urug‘ini sochadigan ustozlardir.
Shu ma’noda, institutga kiritilayotgan har bir investitsiyani biz kelajakka kiritilayotgan investitsiya, deb bilamiz.
Imkoniyat bor joyda natija bo‘ladi
Ta’lim sohasidagi islohotlarning yana bir muhim jihati – yoshlarga faqat oliy ta’lim olish emas, balki sifatli va zamonaviy bilim olish imkoniyatini yaratishga ustuvor ahamiyat berilayotganidir.
Yangi o‘quv binolari, laboratoriyalar, raqamli texnologiyalar, IT-infratuzilma, xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik, akademik mobillik va ilmiy tadqiqotlar uchun yaratilayotgan sharoitlar bugungi talaba uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Bu jarayonda Qoraqalpog‘iston yoshlarining imkoniyatlarini kengaytirish alohida ahamiyat kasb etadi. Hududda zamonaviy oliy ta’lim infratuzilmasining rivojlanishi yoshlarning o‘z hududida qolgan holda sifatli ta’lim olishiga, keyinchalik esa zamonaviy bilim va kasbiy ko‘nikmalarini yurt ravnaqiga yo‘naltirishiga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Ota-onalar uchun farzandini oliy ma’lumotli qilish faqat orzu emas, erishsa bo‘ladigan maqsadga aylandi”.
Menimcha, bu fikr bugun Qoraqalpog‘istondagi minglab oilalar hayotida o‘zining amaliy ifodasini topmoqda.
Yangi marralar – yangi mas’uliyat
Mustaqillikning 35 yilligi biz uchun nafaqat bosib o‘tilgan yo‘lni sarhisob qilish, balki kelgusi vazifalarni belgilab olish fursati hamdir.
Prezidentimiz nutqida kelgusi o‘n yillik “milliy yuksalish davri” bo‘lishi ta’kidlandi. Yangi davrning birinchi milliy dasturi bilim va malakani mamlakat taraqqiyotining asosiy kapitaliga aylantirishga qaratilgani ham ta’lim oldida turgan ulkan vazifalarni belgilab beradi. Shuningdek, kelgusi yillarda kamida 10 ta universitetni dunyoning TOP-1000 taligiga kiritish maqsadi qo‘yildi.
Bu maqsadlar biz – oliy ta’lim tizimi vakillari zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi.
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti jamoasi bugun yaratilgan imkoniyatlarning qadriga yetib, ularni yuksak natijalarga aylantirishni o‘zining eng muhim vazifalaridan biri, deb biladi.
Biz uchun yangi binolar, zamonaviy laboratoriyalar va infratuzilmalarning o‘zi natija emas. Asosiy natija – ularda ta’lim olgan yoshning bilimli, mustaqil fikrlaydigan, Vatan taqdiriga daxldorlik hissi bilan yashaydigan va zamonaviy kasblarni egallagan yetuk mutaxassis bo‘lib shakllanishidir.
Shuning uchun ham biz pedagog kadrlar tayyorlash sifatini yanada oshirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, talabalar uchun zamonaviy ta’lim muhitini yaratish va har bir yoshning iqtidorini ro‘yobga chiqarish yo‘lida bor imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.
Mustaqillik – kelajakka ishonch
O‘ttiz besh yillik mustaqillik tarixi bizga bir haqiqatni anglatdi: taraqqiyotning eng katta kuchi – inson, uning bilimi, salohiyati, mehnati va Vatanga bo‘lgan muhabbatidir.
Bugun O‘zbekiston yangi taraqqiyot bosqichiga dadil qadam qo‘ymoqda. Bu jarayonda ta’lim va ilm-fan, ayniqsa, yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarish hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Biz bugungi yoshlarga yaratilgan imkoniyatlarga qarab, mustaqillikning eng buyuk mevasi nimada ekanini ko‘rishimiz mumkin. U – erkin fikrlaydigan, bilim olishga intiladigan, dunyo bilan raqobat qilishga qodir yangi avloddir.
Prezidentimiz o‘z nutqida juda katta ishonch bilan: “Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli bo‘lamiz”, deya ta’kidladi. Bu so‘zlar har birimiz uchun ulkan ishonch va mas’uliyat manbaidir.
Darhaqiqat, bugun kechagidan kuchli bo‘lish – erishilgan natijalar bilan cheklanib qolmaslik, doimo izlanish, yangilikka intilish va kelajak avlod uchun yanada mustahkam poydevor yaratish demakdir.
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti jamoasi ham ana shu ezgu maqsadlar yo‘lida – bilimli avlod, malakali pedagoglar va Yangi O‘zbekistonning munosib fidoyilarini tarbiyalashdek sharafli vazifani sidqidildan ado etishda davom etadi.
Zero, mustaqillik – bu bizga berilgan buyuk ne’matgina emas, balki uni asrash, mustahkamlash va kelgusi avlodlarga yanada obod, qudratli va farovon O‘zbekistonni qoldirish mas’uliyati hamdir.
Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va buyuk kelajagimizni birgalikda barpo etishni barchamiz uchun muqaddas vazifa deb bilamiz.
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimiz farovon, yoshlarimiz bilimli va baxtli bo‘lsin!
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi muborak bo‘lsin!
Quvondiq Qodirov,
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti rektori v.v.b.