NukusDPIda yangi o‘quv yilining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi

Bugun, 7-sentyabr kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 2026-2027-o‘quv yilining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining qo‘mita raisi Murat Atamuratov, nuroniy ustozlar, institut jamoasi, joriy o‘quv yilida 1-bosqichga tavsiya etilgan talaba-yoshlar va ularning ota-onalari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Bayram tadbirini institut rektori v.b. Quvondiq Qodirov ochib berdi va ishtirokchilarni mustaqilligimizning 35 yillik bayrami hamda yangi o‘quv yilining boshlanishi bilan tabrikladi.

Ta’kidlanganidek, yangi o‘quv yilining boshlanishi – ham ta’lim jarayonida, ham ijtimoiy hayotimizda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan, yoshlarimizni yangi maqsadlar sari yo‘naltiradigan voqeadir.

Mustaqil mamlakatimizda yoshlar ta’lim-tarbiyasiga, ilm-fan rivojiga qaratilayotgan yuksak e’tibor bugun soha mutaxassislari oldiga katta mas’uliyat yuklamoqda. Prezidentimiz g‘amxo‘rligi bilan yaratilayotgan keng imkoniyatlar natijasida institutda ham zamonaviy ta’lim muhitini shakllantirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning tashabbus va g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda.

Institutning zamonaviy sharoitlarga ega bo‘lgan yangi o‘quv binosi, talabalar turar joylari, zamonaviy sport majmualari, shuningdek, eng so‘nggi texnikalar bilan jihozlangan laboratoriyalarning foydalanishga topshirilgani kelajak egalarining ilm-fan sirlarini chuqur o‘zlashtirishi, ham jismoniy, ham intellektual jihatdan yetuk avlod bo‘lib yetishishi uchun xizmat qilishi shubhasiz.

Respublikamizdagi birinchi oliy ta’lim muassasasi, o‘zining 90 yildan ortiq tarixiga ega bo‘lgan pedagogika institutida o‘qishni niyat qilgan yurtimizning o‘n minglab yoshlari orasidan bakalavriatning kunduzgi va kechki ta’lim yo‘nalishlariga 2200 dan ortiq, magistraturaning kunduzgi va kechki mutaxassisliklariga 370 ga yaqin yoshlar o‘qishga tavsiya etildi.

– Bugun mening hayotimdagi eng unutilmas kunlardan biri. Chunki, men shu institutning talabasiga aylandim. Bu dargoh – ilm-ma’rifat markazi, yoshlarning orzularini ro‘yobga chiqarishga zamin yaratadigan ta’lim maskani. Men bir necha yillardan buyon Yoshlar ittifoqi tizimida sardor bo‘lib faoliyat yurityapman. Ushbu yo‘nalishdagi ishlarim tufayli O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 914-sonli qarori asosida institutning milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi yo‘nalishiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindim. Yurtimizdagi birinchi oliy o‘quv yurti hisoblangan mazkur dargohda O‘zbekiston Qahramonlari, akademiklar, davlat va jamoat arboblari yetishib chiqib, xalqimizga xizmat qilgan. Men ham ularning yo‘lini ibrat qilib, ushbu o‘quv yurtida tehsil olishni maqsad qilgan edim. Bugun o‘z maqsadimga erishdim. Albatta, institutda bilim va ko‘nikmalarimni yanada takomillashtirib, kelgusida mamlakatimiz ta’lim sohasining rivojlanishiga o‘z hissamni qo‘shish niyatidaman, – deydi Qiyas Yerejepbayev.

Tadbirda nuroniy ustozlar, institutga imtiyozli va yuqori ball bilan davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan yoshlar so‘zga chiqib, yurtimizda yoshlarning oliy ta’lim olishi, kasb-hunar o‘rganishi, ilm-fan bilan shug‘ullanib, o‘z qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun yaratilayotgan sharoitlarni ta’kidlab, davlatimiz, hukumatimiz rahbarlariga, institut jamoasiga minnatdorlik bildirdi.

Institutda yangi o‘quv yili “Mustaqillik darslari” va “Tanishtiruv haftaligi” bilan davom etmoqda.

NukusDPI matbuot xizmati.