“Kelajakka qadam” dasturi doirasida seminar-trening tashkil etildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida bitiruvchi kurs talabalarining bandligini ta’minlash va ularning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Kelajakka qadam” dasturi doirasida navbatdagi seminar-trening tashkil etildi.
Tadbirda “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi menejeri Klara Sharipova, “AYLIN”, “KAYPANOV DEVELOPMENT”, “MULTI BREND PRO”, “OSMO LIGHTING” kompaniyalari asoschisi, taniqli tadbirkor Azamat Kaypanov, institutning “Kelajakka qadam” markazi rahbari Nursultan Tanbayev, tegishli soha mutaxassislari, Filologiya fakulteti bitiruvchi kurs talabalari ishtirok etdi.
Seminarning asosiy maqsadi – bitiruvchi yoshlarni mehnat bozoriga tayyorlash, ularning kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlash, ishga joylashish jarayonida zarur bo‘ladigan bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish hamda tadbirkorlik faoliyatini boshlashga ko‘maklashishdan iborat.
Seminar-trening davomida mutaxassislar tomonidan mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb va yo‘nalishlar, biznes reja ishlab chiqish asoslari, startap loyihalarni yo‘lga qo‘yish va moliyalashtirish imkoniyatlari, imtiyozli kreditlar va davlat dasturlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
NukusDPI matbuot xizmati.
