Rasmiy munosabat

Bugun, 15-aprel kuni Telegram tarmog‘idagi “Hoja.uz” kanalida Nukus davlat pedagogika institutining axborot-resurs markazidagi kitoblarning saqlanishi bilan bog‘liq murojaat e’lon qilindi.

Ushbu murojaat bo‘yicha Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti quyidagilarni ma’lum qiladi:

Institut axborot-resurs markazining o‘quv va elektron zallari bosh binoning 2-qavatida, kitoblar fondining bir qismi 3-qavatda, asosiy qismi esa 2-sonli o‘quv binosida joylashgan.

Videotasvirlardagi kitoblar institutning 2-sonli o‘quv binosidagi axborot-resurs markazining asosiy kitob fondi bo‘lib, u yerda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilishi munosabati bilan vaqtincha saqlash uchun bosh binoning pastki qavatiga joylashtirilgan edi.

Shahar kanalizatsiya tarmoqlarining vaqtincha ishlamasligiga bog‘liq bosh binoning pastki qavatida suv chiqishi holati yuzaga keldi. Muammo o‘z vaqtida aniqlanib, tegishli mutaxassislar tomonidan bartaraf etish ishlari olib borildi. Bu holatda kitoblarga va xodimlarga hech qanday zarar yetmadi.

Qurilish-ta’mirlash ishlari jadal sur’atlarda yakunlanib, kitoblar fondi shu kunning o‘zida 2-sonli o‘quv binosiga ko‘chirildi.

NukusDPI matbuot xizmati.