“Salomatlik kuni” doirasida ertalabki badantarbiya tadbiri tashkil etildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, talaba-yoshlar va pedagog xodimlarning jismoniy faolligini oshirish maqsadida “Salomatlik kuni” doirasida ertalabki badantarbiya tadbiri tashkil etildi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda institut rektorati vakillari, professor-o‘qituvchilar, tyutorlar va talaba-yoshlardan iborat besh yuzdan ortiq kishi faol ishtirok etdi.

Ertalabki mashg‘ulotlar tajribali trener-o‘qituvchilar rahbarligida olib borilib, unda ishtirokchilar uchun turli jismoniy mashqlar bajarildi. Jismoniy tarbiya jarayoni ko‘tarinki ruhda, musiqa sadolari ostida tashkil etilib, barcha ishtirokchilarga ijobiy kayfiyat ulashdi.

Institutda “Salomatlik kuni” doirasidagi tadbirlar davom etadi.

NukusDPI matbuot xizmati.