Korrupsiya – taraqqiyotimizning kushandasi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida korrupsiyaga qarshi kurashish, jamiyatda halollik va ochiqlik tamoyillarini mustahkamlash maqsadida institutning rahbar xodimlari bilan uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi inspektori A.Allamberganov, Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazi Qoraqalpog‘iston hududiy bo‘limi direktori G.Jollibekova, institutning katta yuristkonsulti B.Arziyeva va korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi boshlig‘i Sh.Shamuratov ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, ta’lim sohasida korrupsiya kelajak mutaxassislar sifatini pasaytiradi, bilim emas, manfaat ustuvor bo‘lib qolishiga sabab bo‘ladi. Shu bilan birga, korrupsiyaviy holatlar ta’lim tizimi nufuziga jiddiy putur yetkazadi.

Tadbirda asosan institutda korrupsiyaviy holatlarni keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni tahlil qilishga alohida e’tibor qaratilib, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritildi.