Nukus davlat pedagogika instituti mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha “Eng yaxshi korxona” nominatsiyasi g‘olibi deb topildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tashabbusi bilan 28-aprel – Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuniga bag‘ishlangan “Sog‘lom psixologik-ijtimoiy faoliyat muhitini ta’minlaymiz” mavzusidagi tadbir va davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda respublikamizda faoliyat yuritayotgan barcha muassasa va korxonalar, vazirliklar, tashkilotlar, boshqarmalar, sog‘liqni saqlash, huquqni muhofaza qilish, transport va energetika organlaridan, shuningdek, ta’lim muassasalari va oliy ta’lim muassasalaridan vakillar ishtirok etdi.

Ishtirokchilar dastlab har bir muassasa va tashkilotlarning mehnat muhofazasi yo‘nalishida amalga oshirayotgan ishlari, shuningdek, ish jarayonida texnik xavfsizlikni ta’minlashga ko‘maklashuvchi asbob-uskunalar ko‘rgazmasi bilan tanishdi.

Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari bilan davra suhbati tashkil etildi.

Tadbir doirasida “Mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik bo‘yicha jamoaviy nazoratni tashkil etish” respublika tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi g‘oliblari taqdirlandi.

Ahamiyatlisi, tanlovda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi sohasida “Eng yaxshi korxona” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib deb topildi.

Institut kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Karamatdin Gulimbetovga diplom va qimmatbaho sovg‘alar tantanali ravishda topshirildi.

NukusDPI matbuot xizmati.