“Do‘stlik festivali” – Yangi O‘zbekiston yoshlarini birlashtirgan yangi format

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Toshkent shahri va viloyatlardagi oliy ta’lim muassasalari talaba-yoshlari ishtirokida o‘tkazilayotgan “Do‘stlik festivali” doirasida tantanali tadbir tashkil etildi.

Tadbirda institut rektori v.b. Quvondiq Qodirov so‘zga chiqib, millatlararo totuvlik, yoshlar hamjihatligini ta’minlash va madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan mazkur festival talaba-yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bilan birga ularning o‘zaro tajriba almashishi, do‘stlik munosabatlarini mustahkamlashi hamda turli hududlarning madaniyati, urf-odat va qadriyatlari bilan tanishtirishda muhim platforma vazifasini bajarishini ta’kidladi.

Festivalni tashkil etishda alohida faollik ko‘rsatgan va hamkorlik ishlarini mustahkamlashga hissa qo‘shgan oliy ta’lim tashkilotlari rektorlariga tashakkurnomalar, delegatsiyalar rahbarlariga, shuningdek, institut mutasaddilariga faxriy yorliqlar topshirildi.

Shuningdek, festivalda faol ishtirok etgan mehmon talaba-yoshlar faxriy yorliq va sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Tadbir doirasida mehmonlar uchun bayram dasturxoni yozilib, iqtidorli talaba-yoshlar ijrosidagi konsert dasturi ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi.

NukusDPI matbuot xizmati.