Professor Baxtiyor Raximov bilan ta’lim sohasining dolzarb masalalari muhokama qilindi

Guliston davlat universiteti professori, pedagogika fanlari doktori Raximov Baxtiyor Xudoyberdiyevich Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutiga tashrif buyurdi.

Institut rektori v.b. Quvondiq Qodirov bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda bugungi kunda ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Xususan, professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasida tajriba almashinuvini tashkil etish, qo‘shma ilmiy-tadqiqotlar olib borish, respublika va xalqaro miqyosdagi ilmiy anjumanlarni birgalikda tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Shuningdek, yosh olimlar, mustaqil izlanuvchilar va doktorantlarning ilmiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning innovatsion tashabbuslarini amaliyotga tatbiq etish, yangi tahrirda qabul qilingan “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunda belgilab berilgan inklyuziv ta’lim shaklini samarali joriy etish masalalari keng muhokama qilindi. Institutda inklyuziv ta’lim muhitini shakllantirish, ta’lim jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha amaliy takliflar o‘rtaga tashlandi.

Uchrashuv yakunida hamkorlikni yanada kengaytirish, ilmiy-pedagogik faoliyatda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelgusi vazifalar belgilab olindi.