OAV vakillari “Kerder-2026” III xalqaro arxeologik ekspeditsiya jarayoni bilan tanishdi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumani hududidagi Kerder madaniyatiga tegishli bo‘lgan «Hayvonqal’a» tarixiy yodgorligida shu yilning 3-may sanasidan boshlab arxeologik qazishma ishlari amalga oshirilmoqda.

Xalqaro miqyosda o‘tkazilayotgan arxeologik qazishma ishlari bilan tanishish maqsadida respublikamizda faoliyat olib borayotgan birqator ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar hamda blogerlar uchun institut matbuot xizmati tomonidan media-tur tashkil etildi.

Rossiya Federatsiyasining Qozon federal universiteti hamda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti o‘rtasida imzolangan hamkorlik shartnomasi asosida tashkil etilgan mazkur xalqaro arxeologik ekspeditsiyada Rossiya Federatsiyasi Tatariston Respublikasi Fanlar Akademiyasi A.X.Xalikov nomidagi Arxeologiya instituti direktori, tarix fanlari doktori, professor Ayrat Sitdikov, mazkur institutning katta ilmiy xodimlari Renat Valiyev, Antonina Gubaydullina, Moskva davlat universitetidan tadqiqotchilar Nikolay Tkach, Yelena Lisenko, shuningdek, institutning Tarix fakulteti professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlari ishtirok etmoqda.

Institut rektoratining bevosita qo‘llab-quvvatlashi bilan bu yilgi ekspeditsiya yuqori tashkilotchilik bilan o‘tkazilmoqda. Bu yerda ekspeditsiya ishtirokchilari uchun barcha qulayliklar yaratilgan.

Talaba-yoshlar arxeologik qazishma jarayonida bevosita ishtirok etib, nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlab, zamonaviy arxeologik usullarni o‘zlashtirmoqda. Ular taxometr, teodolit, nivelir kabi zarur asboblar bilan ishlash, qazishma joylarini o‘lchash va xaritaga tushirish, arxeologik topilmalarni tozalash, ro‘yxatga olish, konservatsiya qilish hamda saqlash usullari bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqda.

Talabalarga qazish ishlaridan tashqari xorijiy olimlar va amaliyot rahbarlari tomonidan amaliy ko‘rgazmali darslar o‘tilib, unda arxeologik qazish ishlarini olib borish tartib-qoidalari, qazish ishlari vaqtida foydalaniladigan asbob-uskunalar hamda qazish paytida topilgan topilmalar bo‘yicha ma’lumotlar berib borilmoqda.

Shu bilan birga, talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida turli ko‘ngilochar tadbirlar ham tashkil etilmoqda.

«Hayvonqal’a» tarixiy yodgorligida amalga oshirilayotgan xalqaro ekspeditsiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad arxeologik qazishma ishlari natijasida topilgan buyumlar hamda madaniy qatlamlar bo‘yicha xalqaro ilmiy fikrni shakllantirish, shuningdek, ilmiy xulosalar chiqarish uchun belgilangan faoliyatni amalga oshirishdan iborat.

Buning uchun institut tomonidan maxsus chodirlar hamda qazishma ishlarida foydalaniladigan arxeologik asbob-uskunalar sotib olindi.

«Hayvonqal’a» (yoki Kerder qal’asi) yurtimizning o‘rta asrlardagi boy tarixidan darak beruvchi yodgorliklardan biridir. Yodgorlikning ayni paytda saqlangan hududi 19 gektarni tashkil etadi.

Bu yerda dastlab 1947-yil S.P.Tolstov rahbarligidagi Xorezm arxeologik ekspeditsiyasi tomonidan tadqiqot olib borilgan bo‘lsa, so‘ngra Qoraqalpog‘iston Tarix, til va adabiyot instituti arxeologik tadqiqot otryadi, 1961-1967-yillarda arxeologlar A.V.Gudkova hamda V.N.Yagodin, shuningdek, 1995-2000-yillarda Nukus davlat pedagogika instituti arxeolog olimlari tomonidan arxeologik tadqiqotlar o‘tkazilgan.

Bugungi kunda yodgorlikda amalga oshirilayotgan qazish ishlari natijasida 100 dan ortiq mis tangalar, 30 ga yaqin shisha idish bo‘laklari, loydan yasalgan bolalar o‘yinchog‘i, tandir, temirdan yasalgan o‘roq bo‘lagi, loydan yasalgan shar, suyakdan yasalgan qamchi dastasining bir qismi hamda misdan yasalgan belbog‘ tutqichi kabi topilmalar aniqlandi.

Ushbu topilmalar hududda hunarmandchilik, savdo-sotiq va maishiy turmush madaniyati, shuningdek, o‘sha davr aholisining ijtimoiy hayoti hamda xo‘jalik faoliyati haqida muhim ma’lumotlar beradi.

«Hayvonqal’a» yodgorligining yuqori madaniy qatlamidan topilgan topilmalar IX-XI asrlar bilan bog‘liq.

To‘plangan materiallar asosida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, ularning natijalarini keng jamoatchilikga, jumladan, xalqaro miqyosda e’lon qilish, institutning Tarix fakulteti talabalarining nazariy bilimlarini amaliyot davomida mustahkamlash, xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy markazlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish xalqaro ilmiy-arxeologik ekspeditsiyadan kutilayotgan amaliy natijalar hisoblanadi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joiz, «Hayvonqal’a» tarixiy yodgorligida xalqaro arxeologik ekspeditsiya doirasida qazishma ishlari shu yilning 30-may kunigacha davom etadi.

Shu bilan birga, xalqaro ekspeditsiya tomonidan amalga oshirilgan faoliyat natijalari bo‘yicha xalqaro ilmiy anjuman tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

NukusDPI matbuot xizmati.