Biologiya ta’lim yo‘nalishi talabalari malakaviy amaliyotda

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Tabiiy fanlar fakulteti biologiya ta’lim yo‘nalishining 2-kurs talabalari malakaviy amaliyot doirasida respublikamiz faunasini o‘rganish maqsadida dala amaliyoti ishlarini olib bordi.

Malakaviy amaliyotga professor A.Saparov, dotsent A.Turekeyeva, PhD K.Eshanov va assistent-o‘qituvchi D.Sadikovlar rahbarlik qildi.

Amaliyot davomida talabalar Nukus shahri va uning atrofida, jumladan, Qizilqum cho‘li, Ashshiko‘l hududi, institutning ilmiy-tajriba maydoni, Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati, “Qo‘sko‘l-3” va “Qutli qonis” mahalla fuqarolar yig‘inlari, shuningdek, “Grachyovaya rosha”, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Birlashgan tabiiy fanlar instituti Botanika bog‘ida uchraydigan hayvonot dunyosi vakillarini kuzatish va o‘rganish ishlarini amalga oshirdi.

Dala amaliyoti jarayonida talabalarga hududlarda uchraydigan umurtqali va umurtqasiz hayvonlarning turlar tarkibi, yashash muhiti, ekologik xususiyatlari va ularni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar berildi. Shuningdek, hayvonlarni kuzatish, ro‘yxatga olish va ilmiy ma’lumotlar to‘plash usullari amaliyotda qo‘llanildi.

Mazkur amaliyot talabalarning zoologiya va ekologiya fanlari bo‘yicha olgan nazariy bilimlarini mustahkamlash, faunistik tadqiqotlar olib borish ko‘nikmalarini shakllantirish hamda Qoraqalpog‘iston hududining biologik xilma-xilligini chuqur o‘rganishga xizmat qilmoqda.