Faol bitiruvchi talabalarning ota-onalariga tashakkurnomalar topshirildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida bitiruv malakaviy ishlari himoyasi jarayonlari doirasida o‘qishda yuqori natijalarga erishgan, institutning jamoat ishlarida faol ishtirok etgan hamda o‘zining namunali xulqi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelgan faol bitiruvchi talabalarning ota-onalariga tashakkurnomalar topshirildi.
Tadbir davomida farzandlarining ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor qaratib, ularning har tomonlama kamol topishida munosib hissa qo‘shgan ota-onalarga institut rektori v.b. Quvondiq Qodirov nomidan samimiy minnatdorlik izhor etildi. Ta’kidlanganidek, yoshlarning yutuq va muvaffaqiyatlarida oila, ta’lim muassasasi va jamiyat hamkorligi muhim o‘rin tutadi.
Tashakkurnomalarni topshirish jarayoni ko‘tarinki ruhda o‘tib, ota-onalar tomonidan bildirilgan ezgu tilaklar va samimiy fikrlar tadbirga yanada iliq muhit bag‘ishladi. Mazkur e’tirof farzand tarbiyasiga mas’uliyat bilan yondashayotgan ota-onalarga ko‘rsatilgan yuksak hurmat ifodasi bo‘lish bilan birga, yoshlarni yanada ulkan marralar sari intilishga undaydi.
NukusDPI matbuot xizmati.
