Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchilarning o‘quv yili davomidagi ishlari ko‘rib chiqildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Xotin-qizlar maslahat kengashi tomonidan fakultet dekanlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchilarining 2025-2026-o‘quv yili davomida amalga oshirgan ishlarining natijalari bo‘yicha yillik hisobotlari ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilish davomida dekan maslahatchilari tomonidan o‘quv yili davomida talaba-qizlarning ta’lim olishi, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etish, ijtimoiy himoyaga muhtoj, shuningdek, muammoli toifadagi talaba-qizlar bilan olib borilgan manzilli ishlar, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish yo‘nalishida amalga oshirilgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Shuningdek, talaba-qizlar bandligini ta’minlash, kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, erta nikoh va turli salbiy holatlarning oldini olish, ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada yaxshilashga yo‘naltirilgan ishlarning natijalari ham tahlil qilindi.

Hisobotlarni ko‘rib chiqish jarayonida erishilgan natijalar bilan birga mavjud kamchiliklar va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ham muhokama qilinib, kelgusi o‘quv yili uchun ustuvor vazifalar belgilab olindi.

NukusDPI matbuot xizmati.