Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurash – dolzarb vazifa

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida talaba-yoshlar o‘rtasida huquqiy madaniyatni yuksaltirish hamda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish borasidagi qonunchilikdagi yangiliklar mazmun-mohiyatini tushuntirish maqsadida targ‘ibot tadbiri tashkil etildi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining sudyasi D.Razov, Jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudi sudyasi D.Srajatdinov, institutning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha profilaktika inspektori, katta leytenant M.Narimbetova, shuningdek, yoshlar tarbiyasiga mas’ullar va talabalar ishtirok etdi.

Unda ishtirokchilarga “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglari hamda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun mazmun-mohiyati batafsil tushuntirildi.

Tadbir davomida mazkur qonun bilan noqonuniy muomalaga qarshi kurashish mexanizmlari kuchaytirilgani, bu turdagi huquqbuzarlik va jinoyatlar uchun javobgarlik choralari takomillashtirilgani, shuningdek, yoshlarni zararli illatlardan asrash va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob oldi.