Talabalar “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasiga tashrif buyurdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti talaba-yoshlari “Dolzarb 90 kun” doirasida institut Toshkent shahridagi “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasiga sayohat qildi.

Sayohat davomida talabalar Ikkinchi jahon urushi yillarida xalqimizning mardonavor jasorati, front va front ortidagi fidokorona mehnati haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldi. Bog‘ hududidagi tarixiy kompozitsiyalar, yodgorliklar hamda ekspozitsiyalar yoshlarning Vatan tarixiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirdi.

Talabalar yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida jon fido qilgan ajdodlar xotirasiga hurmat bajo keltirib, ularning qahramonliklari va matonati haqida fikr almashdilar. Mazkur tashrif yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, tarixiy xotirani asrash hamda milliy qadriyatlarga sadoqat ruhini kuchaytirishga xizmat qildi.

“Dolzarb 90 kun” doirasida yoshlarning ma’naviy dunyoqarashini boyitish va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan tadbirlar davom etmoqda.

NukusDPI matbuot xizmati.