NukusDPIda qabul jarayoniga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi

Bugun, 26-iyun kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 2026-2027-o‘quv yili uchun qabul jarayoniga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda institut rektori v.b. Quvondiq Qodirov ommaviy axborot vositalari vakillariga joriy yilgi qabul jarayonidagi muhim yangiliklar haqida ma’lumotlar berdi.
Ta’kidlanganidek, institutda joriy yilgi qabul jarayonidagi asosiy yangiliklardan biri bakalavriatning maktabgacha ta’lim yo‘nalishida dual ta’limning yo‘lga qo‘yilayotganidir. Bunda davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli pedagog kadrlar haftada bir kun institutda, besh kun maktabgacha ta’lim tashkilotida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, institutda yangidan sun’iy intellekt, antropologiya va etnologiya bakalavr ta’lim yo‘nalishlari, kattalar ta’limi (andragogika), ijtimoiy-gumanitar fanlarni o‘qitish metodikasi (huquq ta’limi), tarix magistratura mutaxassisliklari ochilmoqda.
So‘zga chiqqanlar joriy yilda davlat oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul jarayoni 2 bosqichda amalga oshirilishi, alohida iqtidor talab etiladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga qabul uchun kasbiy (ijodiy) imtihonlar institutning o‘zida, shuningdek, boshqa ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha test sinovlari Bilimni baholash agentligi tomonidan ajratilgan joylarda o‘tkazilishi belgilanganligi, ularni tashkil etish bo‘yicha yuqori darajada tayyorgarliklar olib borilayotganligi haqida ta’kidladi.
Qabul jarayonini yuqori darajada tashkil etish, abituriyentlar va ularning ota-onalariga muhim maslahatlar, huquqiy yo‘l-yo‘riqlar, sohadagi yangiliklar va o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumot berish maqsadida institutda qabul komissiyasi va uning tarkibida koll-markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilganligi hamda doimiy ishlab turganligi bo‘yicha ma’lumot berdi.
Tadbirda qabul jarayonidagi yangiliklar va o‘zgarishlar haqida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.
NukusDPI matbuot xizmati.
