Ilm-fan va ta’lim-tarbiya sohasida og‘ir judolik

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti musiqa ta’limi kafedrasi professori, O‘zbekiston xalq ta’limi a’lochisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, qoraqalpoq xalqining milliy alamoynaq dutori kuylarini notaga tushirgan taniqli olim Allanazarov Dauletmurat Toreshovich vafot etdi.
Dauletmurat Allanazarov 1957-yil 9-aprelda Nukus shahrida tug‘ilgan. U bolaligidan san’at va musiqaga alohida ixlos qo‘ydi va shu yo‘nalishda ta’lim oldi.
Dastlabki mehnat faoliyatini 1975-yilda Nukus davlat musiqa-xoreografiya bilim yurtida umumiy fortepiano o‘qituvchisi, konsertmeyster sifatida boshlagan bo‘lsa, 1982-yilda Toshkent davlat konservatoriyasining kunduzgi bo‘limini muvaffaqiyatli tamomladi.
O‘qishni tugatib kelgach dastlabki ish joyida fortepiano o‘qituvchisi, konsertmeyster, keyinchalik Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat musiqali teatrida simfonik orkestr dirijyori bo‘lib ishladi va respublika miqyosidagi katta konsertlarda, qo‘shni davlatlarda o‘tkazilgan xalqaro tadbirlarda faol ishtirok etdi.
1993-yildan shu kungacha Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida assistent-o‘qituvchidan kafedra professori darajasigacha iqtidorli yoshlarga ta’lim berib, yurtimiz san’at sohasining rivojlanishi, yuqori salohiyatli malakali mutaxassislar bilan ta’minlanishi, shuningdek, ilmiy jihatdan tadqiq etilishiga salmoqli hissa qo‘shdi.
Ilmiy izlanishlari davomida milliy qadriyatlarimizni tiklash va kelajak avlodlarga yetkazish borasida katta natijalarga erishdi.
Dauletmurat Allanazarov ko‘p davrlardan beri ustozdan shogirdga zanjirma-zanjir o‘tib kelayotgan qoraqalpoq milliy alamoynaq dutori kuylari ustida izlanib, ularni notaga tushirdi. Buning natijasida “Qoraqalpoq xalq kuylari”, “Qoraqalpoq kuylari (dutor)” va “Oltin meros” nomli o‘quv qo‘llanmalari, bolalar musiqa va san’at maktablarining 1-, 2-, 3-, 4- va 5-sinflari uchun mo‘ljallangan “Qoraqalpoq milliy alamoynaq dutori cholg‘uchiligi darsligi” nomli kitobi nashrdan chiqdi. Shu bilan birga, uning muallifligida oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari uchun “Qoraqalpoq ohanglari” va “Qo‘shiq aytsam” nomli o‘quv qo‘llanmalari nashrga tayyorlandi.
Xalqaro tashkilotlar tomonidan e’lon qilingan loyihalar doirasida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi fondida saqlanib kelayotgan xalq qo‘shiqlari va dostonlarini yangilash hamda zamonaviy audioyozuvlarga tushirish ishlarida faol ishtirok etdi.
Ko‘plab ilmiy maqolalari va tezislari “Xabarchi”, “Amudaryo”, “Fan va jamiyat”, “O‘zbekiston pedagogika ilmiy-tadqiqot instituti” jurnallarida, respublika va xalqaro konferensiyalar to‘plamlarida chop etildi.
Mana shunday fidokorona xizmatlari natijasida Dauletmurat Allanazarov institutimiz jamoasi bilan birgalikda respublikamizning ilm-fan, ta’lim, san’at va madaniyat sohasida yuksak martabaga ega bo‘ldi.
Marhumning xalqimiz farovonligi, yurtimiz madaniyati va san’ati rivoji yo‘lidagi xizmatlari, shuningdek, yorqin xotirasi bugungi va kelajak avlodlar qalbida mangu saqlanib qoladi.
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti rektorati, jamoat tashkilotlari, Pedagogika-psixologiya va ijodiy ta’lim fakulteti, musiqa ta’limi kafedrasining mehnat jamoasi.