Respublika ishchi guruhining tashkiliy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Bugun, 23-iyul kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Mahallalarda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha Respublika komissiyasi ishchi guruhining tashkiliy masalalarga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, joriy yilning 30-iyun – Yoshlar kunida davlatimiz rahbari tomonidan yoshlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda sohani rivojlantirishga qaratilgan 50 ga yaqin ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi. Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Respublika ishchi guruhi tomonidan hududlarda o‘rganish ishlari boshlandi.

Respublika komissiyasi ishchi guruhi to‘rt guruhga bo‘lingan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Samarqand va Jizzax viloyatlarida yoshlar bilan ishlash tizimini o‘rganish ishlarini olib boradi.

O‘rganishlar davomida komissiya tomonidan yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, bandlik va zamonaviy kasblarga o‘qitish, yoshlar infratuzilmasini rivojlantirish, ijtimoiy yordam va huquqbuzarliklar profilaktikasi kabi ustuvor yo‘nalishlar tahlil qilinib, tegishli tizimlar ishlab chiqiladi.

O‘rganishlar yakuni bo‘yicha aniqlangan muammolar joyida hal etiladi va har bir hudud kesimida mas’ullar belgilangan hududiy “yo‘l xaritalari” tasdiqlanadi.

NukusDPI matbuot xizmati.