Pedinstitutda magistratura mutaxassisliklariga kirish imtihonlari boshlandi
Bugun, 14-avgust kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 2021-2022 oʻquv yili uchun magistratura mutaxassisliklariga hujjat topshirgan abituriyentlarga mutaxassislik fanlardan imtihonlar boshlandi.
Institutda umumiy 22 ta magistratura mutaxassisligiga davlat buyurtmasi parametrlari asosida jami 110 oʻrin, shu jumladan davlat granti asosida 55 ta va toʻlov-kontrakt asosida 55 ta oʻrin ajratilgan.
Imtihonlar sanitariya-epidemiologik qoidalarga rioya qilgan holda oʻtkazilib, shu yilning 17-avgust kunigacha tasdiqlangan jadval asosida kuniga 2 smenada – birinchi smena 09:00 – 11:30 oraligʻida, ikkinchi smena 15:00 – 17:30 oraligʻida institut bosh binosida (Turkiy tillar fakulteti) davom etadi.
- – Institutning qoraqalpoq tili va adabiyoti bakalavr ta’lim yoʻnalishini namunali tamomlab, Moʻynoq tumanidagi 9-son umumta’lim maktabida oʻqituvchi boʻlib ishlayapman, – deydi Azamat Nuratdinov. – Ona tilimizning rivojlanish tendensiyalarini ilimiy asosda oʻrganish, bu yoʻnalishda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish maqsadida magistratura mutaxassisligiga hujjat topshirdim.
Magistratura mutaxassisliklariga oʻtkazilayotgan imtihonlarning adolatli va shaffof oʻtishini ta’minlash maqsadida xohlovchilarning imtihon jarayonini onlayn tarzda kuzatib borish imkoniyati yaratilgan.
Ma’lumot oʻrnida ta’kidlash kerak, mutaxassislik fanlardan oʻtkazilayotgan imtihonlarning natijalari institutning rasmiy veb-sayti va uning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy kanallarida e’lon qilinadi.
Islam Matekov,
Nukus DPI matbuot kotibi.
Muallif olgan rasmlar.