AJINIYOZ NOMIDAGI NUKUS DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI

Nukus DPIda Husayn Jovid nomidagi Ozarbayjon madaniyati va adabiyoti markazi ochildi

Shu yilning 20-21-oktabr kunlari Ozarbayjon Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi huzuridagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyati markazi tashabbusi bilan Nukus shahrida Ozarbayjon madaniyati va adabiyoti kunlari oʻtkazildi.

Bugun, 21-oktabr kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi huzuridagi madaniyat qoʻmitasi raisi, deputat Ganira Pashayeva, Ozarbayjon Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi huzuridagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyati markazi direktori Samir Abbasov rahbarligidagi delegatsiya vakillari, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining oʻrinbosari R.Zarekeyev, institut rektori B.Otemuratov ishtirokida institutda Husayn Jovid nomidagi Ozarbayjon madaniyati va adabiyoti markazining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Markazda Oʻzbekiston va Ozarbayjon mamlakatlari oʻrtasidagi doʻstlik aloqalari, adabiyot, madaniyat, san’at, tarix yoʻnalishlarida ikki davlat munosabatlari, shu bilan birga, qardosh ozarbayjon xalqining milliy kiyimlari, san’at na’munalari, badiiy kitoblaridan iborat koʻrgazmalar, foydali manbalar joy olgan.

Tadbir doirasida delegatsiya a’zolari institut rektori B.Otemuratovning qabulida boʻlib, Ozarbayjon Respublikasidagi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlik qilish, ayniqsa, akademik mobillik, ilmiy-pedagogik yoʻnalishlarda samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish kabi masalalar muhokama qilindi.

Ozarbayjon delegatsiyasi qoraqalpoq adabiyoti, san’ati, madaniyati hamda tarixiga oid koʻpgina asarlar, ayniqsa, Ajiniyoz, Berdaq, Ibroyim Yusupov, Toʻlepbergen Qayipbergenovlarning asarlari, qoraqalpoq xalq dostonlari, folklor asarlarini yaxshi bilishi, shu yoʻnalish boʻyicha ikki tomonlama ilmiy faoliyatni olib borish uchun oʻz takliflarini bildirdi.

Tadbir soʻngida institutning qobiliyatli talaba yoshlari hamda Ozarbayjon Respublikasidan kelgan san’at namoyondalari ishtirokidagi konsert dasturi tashkil etilib, unda qoraqalpoq, oʻzbek va ozarbayjon xalqlarining doʻstligi haqidagi milliy ashula-qoʻshiqlar, raqslar ijro qilindi.

Islam Matekov,
Nukus DPI matbuot kotibi.
Muallif olgan rasmlar.