AJINIYOZ NOMIDAGI NUKUS DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI

Nukus DPI magistratura mutaxassisliklariga qoʻshimcha kontrakt asosida qabul uchun toʻlov-kontrakt miqdori belgilandi

Avval xabar berganimizdek, Oʻzbekiston Respublikasi davlat oliy ta’lim muassasalariga 2021-2022 oʻquv yili uchun magistratura mutaxassisliklari kirish imtihonlarida ishtirok etib, mutaxassislik fanidan belgilangan maksimal ballning 40 foizi (40 ball) hamda undan yuqori ball toʻplagan abituriyentlarni tegishli oliy ta’lim muassasasi tomonidan belgilangan toʻlov-kontrakt asosida ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya qilgan holda qoʻshimcha qabulga ruxsat berilgan edi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-iyundagi PQ-5157-son qarori asosida, magistratura mutaxassisliklariga qoʻshimcha qabulda toʻlov-kontrakt miqdori bir talabaning oʻqishi uchun sarflanadigan xarajat miqdoridan kelib chiqqan holda oliy ta’lim muassasasi tomonidan belgilanishi qayd etilgan edi.

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti magistratura mutaxassisliklariga qoʻshimcha kontrakt asosida qabulda toʻlov-kontrakt miqdori stipendiyasiz shaklda 11 019 000 soʻm, stipendiyali shaklda esa 17 233 560 soʻm qilib belgilanganligini ma’lum qilamiz.

Toʻlov-kontrakt boʻyicha shartnoma tuzish hamda kontrakt miqdorining kamida 50 foizini toʻlashning soʻnggi muddati 2021-yil 20-noyabr qilib belgilangan.

Ma’lumot oʻrnida ta’kidlash joiz, koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksina olgan va sertifikat topshirgan barcha talabalarga toʻlov-kontrakt summasiga bir martalik 10 foizlik chegirma bonusi beriladi.

Nukus DPI matbuot xizmati.