AJINIYOZ NOMIDAGI NUKUS DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI

Yangilik! Nukus DPI xorijiy tillar bakalavriat ta’lim yoʻnalishlariga oʻqishga qabul qilishda chet tilidan kasbiy (ijodiy) imtihon oʻtkaziladi

“Xorijiy tillarni oʻrganishni takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori (34-son, 19.01.2022-y.) qabul qilindi.

Qarorga koʻra,Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligining budjetdan tashqari jamgʻarmasiga bir martalik 15 mlrd soʻm miqdorida mablagʻ ajratiladi.

2022-yil 1-martdan chet tili fani oʻqituvchilarining tinglab tushunish, oʻqish, yozish hamda gapirish kompetensiyalarini rivojlantirishga hamda sertifikatga ega boʻlishga yoʻnaltirilgan oʻquv kurslari tashkil etiladi.

2022/2023 oʻquv yilidan maktablar uchun zamonaviy til oʻrgatish metodikalari asosida ishlab chiqilgan chet tili darsliklari chop etiladi.

Shuningdek, 2022/2023 oʻquv yili qabulidan xorijiy tillar boʻyicha mutaxassislarni tayyorlashga ixtisoslashgan bir qator OTMlarga kirish imtihonlarida chet tili fanidan tinglab tushunish, oʻqish, yozish hamda gapirish kompetensiyalarini aniqlash va baholashga qaratilgan kasbiy (ijodiy) imtihon oʻtkazish yoʻlga qoʻyiladi. Jumladan:

Fanlar majmuasiga chet tili birinchi fan sifatida kiritilgan quyidagi OTMlarning bakalavriat ta’lim yoʻnalishlariga:

  • Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti;
  • Samarqand davlat chet tillar instituti;
  • Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.

Quyidagi OTMlarning xorijiy tillar boʻyicha pedagoglarni tayyorlovchi bakalavriat ta’lim yoʻnalishlariga:

  • Toshkent davlat pedagogika universiteti;
  • Qoʻqon davlat pedagogika instituti;
  • Nukus davlat pedagogika instituti.

Chet tili fanidan kasbiy (ijodiy) imtihon Davlat test markazi tomonidan amalga oshiriladi.

2024/2025 oʻquv yilidan OTMga kirish imtihonlari uchun belgilangan majburiy fanlar majmuasiga chet tili fani bosqichma-bosqich kiritiladi.

2022-yil 1-sentabrdan maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional, shuningdek, maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari chet tili fani oʻqituvchilarining attestatsiyasi jarayonioʻquv fani boʻyicha malaka sinovlari Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

2022-yil 1-fevraldan 2024-yil 1-yanvargacha Toshkent va Samarqand shaharlarida faoliyat yuritadigan nodavlat ta’lim tashkilotlari:

  • bino va inshootlar ijara toʻlovi xarajatlarining 50 foizigacha qismini qoplab berish tartibi joriy etiladi;
  • vazirlik va idoralar tizimidagi kollej va texnikumlarda faoliyatini amalga oshirganida ijara toʻlovidan ozod etiladi (saqlash va kommunal toʻlovlar boʻyicha xarajatlar bundan mustasno).

2022-yil 1-fevraldan C1 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega rus tili fani oʻqituvchilariga sertifikat olingan kundan boshlab 2 yil davomida ustama toʻlanadi.