Ilm-fan va ziyolilar jamoasi ogʻir judolikka uchradi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Oʻzbek tili kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari nomzodi, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston Respublikalari Xalq ta’limi a’lochisi Eshboy aka Xoʻjaniyozov 2022-yil 25-mart kuni olamdan oʻtdi.

E.Xoʻjaniyozov 1943-yil 16-yanvarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Amudaryo tumanida tugʻilgan. 1965-yil Samarqand davlat universitetini tamomlab kelgach, 9-yil mobaynida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Amudaryo tumanidagi 36-maktabda bolalarga ona tili va adabiyot fanidan saboq berdi.

U 1974-yildan 1990-yilgacha Qoraqalpoq davlat universitetida, 1990-yildan to hozirgi kungacha Nukus davlat pedagogika instituti Oʻzbek tili kafedrasida talabalarga ilm sirlarini oʻrgatib keldi. Dastlab mazkur kafedrada oʻqituvchi, katta oʻqituvchi, dotsent lavozimlarida serqirra faoliyat olib bordi.

U oʻzbek tili va adabiyoti bakalavriat yoʻnalishi va magistratura mutaxassisligi talabalariga oʻzbek tilshunosligining nazariy  va muammoli masalalaridan dars berdi. Darslarni ilmiy, ilgʻor pedagogik texnologiyalar asosida, talabalar tashabbusi va qiziqishini e’tiborga olgan holda olib borishga erishdi. Shu sababli ham hamkasblari va talabalar oʻrtasida katta obroʻ va hurmatga ega boʻlib, ularning e’tirofiga sazovor boʻldi.

E.Xoʻjaniyozov oʻz ish faoliyatida pedagogik ishni ilmiy faoliyat bilan birga olib borishga harakat qildi va oʻzbek tilshunosligining kam oʻrganilgan sohasi – oʻzbek tili uslubshunosligi bilan qiziqib, 1984-yili “Oʻzbek adabiy tili ilmiy va badiiy uslublarida atributiv birikmalarning semantik-stilistik xususiyatlari”  mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Keyinchalik olimning “Oʻzbek adabiy tili ilmiy va badiiy uslublarining uslubiy belgilari” (1989), “Вопросы словосочетания в тюркских языках” (hammualliflikda, 1993), “Hozirgi oʻzbek adabiy tili” (2003, 2011. hammualliflikda) kabi kitoblari hamda tilshunoslikning dolzarb masalalariga bagʻishlangan 100 dan ortiq ilmiy va ilmiy-uslubiy maqolalari nashr qilindi.

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti jamoasi marhumning oila a’zolari, qarindoshlari va yaqinlariga chuqur qaygʻurish bilan hamdardlik bildirib, Ollohdan sabr tilaydi.

Ochiqkoʻngil va mehribon ustoz, ilm-fan fidoiysi Eshboy Xoʻjaniyozovning porloq xotirasi uning yaqinlari, shogirdlari va hamkasblari qalbida mangu qoladi.

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti jamoasi.