AJINIYOZ NOMIDAGI NUKUS DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI

Kimyo va biologiya boʻyicha fan olimpiadasining institut bosqichi boʻlib oʻtdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida umumiy oʻrta ta’lim maktablarining bitiruvchi sinf oʻquvchilari oʻrtasida kimyo va biologiya fanlaridan olimpiada oʻtkazildi.

Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichida gʻolib boʻlgan umumiy oʻrta ta’lim maktablarining bitiruvchi sinf oʻquvchilari ishtirok etdi.

Kunning birinchi yarmida ishtirokchilar yozma ish orqali bilimlarini sinovdan oʻtkazgan boʻlsa, kunning ikkinchi qismida laboratoriya mashgʻulotlarini olib bordilar.

Bu jarayonlar hakamlar hay’ati tomonidan munosib baholanib bordi.

Olimpiadaning yakuniy natijasiga koʻra 1-oʻrinni Toʻrtkoʻl tumanidagi 29-son umumiy oʻrta ta’lim maktabi oʻquvchisi M.Samandarova, 2-oʻrinni Qoʻngʻirot tumanidagi 35-sonli maktabning oʻquvchisi A.Qoʻshniyozova hamda 3-oʻrinni Kegeyli tumani 19-son maktabining oʻquvchisi N. Xoʻjaboyevalar egalladilar.

– Fan olimpiadasi haqqoniy oʻtdi. Men bor bilimimni ishga solib topshiriqlarni a’lo darajada bajarishga harakat qildim. Maktabimizda bu fanlarni chuqur oʻrganish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bunday yuqori natijani qayd etganim uchun ustozlarim Sh.Davletova hamda N.Nurmaxanovalarga minnatdorchilik bildiraman, -deydi yosh iqtidor egasi, fan olimpiadasi gʻolibi.

Quvonarlisi shuki, olimpiada yakunida yetarli balni toʻplab, gʻoliblikni qoʻlga kiritgan M.Samandarovani institutga qabul qilish yuzasidan Davlat komissiyasiga taklif kirgizildi.

Nilufar ATABAYEVA,

Berdaq nomidagi QDU Axborot xizmati va jamoatchilik bilan aloqalar yoʻnalishi talabasi, NDPI amaliyotchisi.