Ta’lim sifatini oshirish – Yangi Oʻzbekistonni rivojlantirishning muhim yoʻnalishi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shu yilning 20-dekabr kuni Oliy Majlisga hamda respublikamiz xalqiga Murojaatnomasi tom ma’nodagi Yangi Oʻzbekistonning kelgusi yildagi rivojlanish istiqbollarini oʻzida jamlagan dastur boʻldi, desam oʻrinli boʻladi.
Jami olti yoʻnalishdan iborat Murojaatnomada soʻnggi yillarda mamlakatimizda inson qadri, uning manfaatlari hamma narsadan ustunligi, xalqimizning farovon hayotini ta’minlash asosiy vazifalardan biri etib belgilanganligi yana bir bor mustahkamlab qoʻyildi.
Prezident Yangi Oʻzbekistonni «ijtimoiy davlat» tamoyili asosida qurish asosiy maqsad qilib qoʻyilganligi, shu jumladan, inson salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun xalqimizga teng imkoniyatlar, munosib turmush sharoitlarini yaratish, kambagʻallikni qisqartirish maqsadida birinchi navbatdagi e’tibor ta’limni qoʻllab-quvvatlashga qaratilishi ta’kidlandi. Bugungi kunda eng katta investitsiya sifatida koʻrilayotgan ta’lim sifatini oshirish – Yangi Oʻzbekistonni rivojlantirishning yagona toʻgʻri yoʻli boʻlishiga alohida toʻxtalib, kelgusi 2023-yilni «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili» deb nomlashni taklif etdi.
Haqiqatan ham, hozirgi vaqtda Oʻzbekistonda ta’lim-tarbiyaga, shu jumladan, maktabgacha hamda umumiy oʻrta ta’lim, oliy va oʻrta maxsus kasbiy ta’limni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Oʻzining 90-yilga yaqin tarixiga, yuqori bilim va koʻnikmalarga ega pedagoglar, shuningdek, xalq xoʻjaligining turli sohalari uchun malakali kadrlar tayyorlashda oʻz qadriyatlariga, nafaqat Qoraqalpogʻiston yoki Oʻzbekistonda, shu bilan bir qatorda, butun Markaziy Osiyoda oʻz oʻrniga ega boʻlgan Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida ham soʻnggi yillarda yosh avlodlarga ta’lim-tarbiya berish, ilm-fan sirlarini oʻzlashtirishi uchun sharoitlar yaratish yoʻnalishida muhim ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, ta’lim sifatini oshirish maqsadida oʻqitishning yangi pedagogik texnologiyalarini joriy etish, talabalarning bilimini mustahkamlash uchun oʻqish hamda amaliyot jarayonining mujassamligini ta’minlash, yangi zamonaviy laboratoriya uskunalarini olib kelish, professor-oʻqituvchilarning tajribasini oshirish, oʻquv jarayoniga yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari, ilmiy markazlarining professorlarini jalb qilish kabi namunaviy ishlar olib borilmoqda.
Institutda maktabgacha ta’lim hamda boshlangʻich ta’lim yoʻnalishlari boʻyicha klasster usulida kadr tayyorlashga alohida e’tibor qaratilib, mazkur yoʻnalishda amaliy ishlar boshlandi.
Ta’kidlash joiz, institutning Maktabgacha ta’lim fakulteti huzurida 90 oʻringa moʻljallangan bolalar bogʻchasining qurilish ishlari yakunlanish arafasida. Bu yerda maktabgacha ta’lim yoʻnalishi talabalari, magistrant va doktorantlari har xil metodikalarni qoʻllash orqali bolalarda kreativ oʻylash, jamoatchilik bilan muloqot kabi koʻnikmalarni yuzaga chiqarishga asos yaratiladi. Shu bilan birga, fakultetda maktabgacha ta’lim sohasi boʻyicha mutaxassisligini oshirish markazining faoliyati ham yoʻlga qoʻyilishi belgilangan boʻlib, bu orqali respublikamizda faoliyat olib borayotgan bolalar bogʻchalaridagi tarbiyachi-pedagoglar hamda metodistlarning bilim va tajribalarini oshirish asosiy maqsad qilib qoʻyilgan.
Shuningdek, kelgusi yillarda institutning Boshlangʻich ta’lim fakulteti qoshida texnologik yoʻnalishdagi maktab ochishni rejalashtirganmiz. Bu maktablarning boshlangʻich sinflari uchun tayyor kadr boʻlib boradigan mutaxassislarimizning robototexnika, texnotronika kabi zamonaviy sohalar boʻyicha yuqori bilim va koʻnikmalarga ega boʻlishiga xizmat qiladi.
Prezident Murojaatnomasining eng muhim jihatlaridan biri sifatida oʻqituvchilarning jamiyatdagi maqomini, sha’ni, qadr-qimmatini himoya qilishni Konstitutsiyada alohida belgilash zarurligi toʻgʻrisidagi taklifini ta’kidlab oʻtish kerak. Chunki, ta’lim sifatini oshirishni oldimizga maqsad qilgan ekanmiz, bu ishlar birinchi navbatda amalga oshirilishi zarur boʻlgan vazifalardan biridir.
Davlatimiz rahbari mamlakatimizdagi barcha maktab jamoalariga murojaat qilib, kelajagimiz boʻlmish bolalarimizning maktablardan chet tillarini teran oʻzlashtirgan, kasb-hunar va axborot texnologiyalarini puxta oʻrgangan boʻlib chiqishi uchun ayanmay mehnat qilishga chaqirib, bu jamiyatimiz rivojiga katta hissa boʻlishini ta’kidladi.
Mazkur yoʻnalishda institut hamda maktablarning oʻzaro hamkorligi yuqori natijalarga asos boʻladi, deb oʻylayman. Prezidentimizning «Pedagogik ta’lim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori asosida bugungi kunda institutda Nukus shahridagi barcha maktablar bilan tigʻiz hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.
Ayniqsa, qarorda belgilangan «4+2» tizimi asosida talabalarning oʻqish va amaliyot jarayonlarining birlashtirilishi biz yuqorida qayta-qayta tilga olayotgan ta’lim sifatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Murojaatnomada oliy ta’lim sohasini isloh qilish yoʻnalishida amalga oshiriladigan ishlar toʻgʻrisida ham soʻz yuritilib, bu boʻyicha kelgusidagi vazifalar belgilab berildi.
Ayniqsa, soʻnggi yillarda respublikamizda oliy ta’lim muassasalarining soni 2,5 barobarga koʻpayib, yoshlarni oliy ta’limga qamrab olish darajasi avvalgi 9 foizdan 38 foizga koʻtarilganligi sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning samarasidir. Oliy ta’limda ta’lim sifatini oshirish har bir oliy oʻquv yurti jamoasining, professor-oʻqituvlarining asosiy maqsadi boʻlishi zarurligi ta’kidlandi.
Biz oldimizga yuqori marralarni belgilab olganmiz. Shulardan biri sifatida inson qadri hamda manfaatlari, jamiyat va davlat manfaatlaridan yuqori boʻlgan Yangi Oʻzbekistonni qurish, Uchinchi Renessansning tamal toshini barpo etadigan bilimli, ilmiy salohiyati yuksak, tanqidiy hamda kreativ fikrlaydigan yoshlarni tarbiyalashdek maqsadlarimizga erishish uchun Prezident Murojaatnomasida belgilab berilgan vazifalarni bosqichma-bosqich amalga oshirish bizning oldimizga qoʻygan asosiy vazifamizdir.
Bayrambay Otemuratov,
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti rektori.